Toshkentga 1 tonnaga yaqin sifatsiz go‘sht olib kelayotgan erkak qo‘lga tushdi

Toshkentga 1 tonnaga yaqin sifatsiz go‘sht olib kelayotgan erkak qo‘lga tushdi

Xalqimizda “O‘zingga ravo ko‘rmagan narsani o‘zgaga ravo ko‘rma” degan naql bor. Ammo, afsuski, oramizda ana shu purma’no naqlga amal qilmaydiganlar ham uchrab turadi.

Buxorolik 30 yoshli A.M tanishining "ISUZU" rusumli mashinasiga jami 900 kg sanitariya talablariga javob bermaydigan qo‘y va mol go‘shtini yuklab, yarim kechasi Toshkent viloyatiga qarab yo‘lga tushdi. Ammo rejasi chippakka chiqdi. Navoiy viloyati IIB YHXB YPX xodimlari mashinani tekshirish uchun to‘xtatganida, haydovchi xuddi paytavasiga qurt tushgan odamday bezovta bo‘lib qoldi. Chunki mazkur go‘sht mahsulotlarining iste’mol uchun yaroqliligini tasdiqlaydigan hech qanday hujjati yo‘q edi-da.

Yozning jaziramasida bir qator iste’mol mahsulotlarini sovutkichda saqlash kerakligini yaxshi bilamiz. Ayniqsa, go‘shtning sifati tez buziladi. A. M.ning shuni bila turib, o‘zi olib ketayotgan go‘shtni iste’mol qiladiganlarning sog‘ligiga putur yetkazishini anglagan holda sodir etgan qilmishiga nima deysiz?! Bu ham huquqbuzarlik, ham hech qanday axloq normalariga to‘g‘ri kelmaydi-ku! Xullas, ushbu holat yuzasidan viloyat IIB PPX va JTSB xodimlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!