Toshkentdan topilgan ulkan xazinaning yangi tafsilotlari e’lon qilindi (+video)

Toshkentdan topilgan ulkan xazinaning yangi tafsilotlari e’lon qilindi (+video)

Xabaringiz bor, saytimiz orqali “Toshkentda topilgan qiymati bir necha million dollar deya taxmin qilinayotgan ulkan xazina davlatga topshirilmoqda (+video)” materialini e’lon qilgan edik. Unda O‘zbekiston Milliy universiteti bitiruvchisi, mustaqil izlanuvchi, ilmiy xodim Muhammadbobur Yusupov 3 yillik izlanishlari, qidiruvlari natijasida poytaxt markazidagi eski binolarning biridan xazina topgani qayd etilgan edi.

Yaqinda mazkur xazina mavzusiga bag‘ishlangan maxsus “Xalqqa meros xazina” nomli ko‘rsatuv O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va maʼrifat”, “Oʻzbekiston” kabi qator telekanallari orqali efirga uzatildi.

Ko‘rsatuvdan fuqaro M.Yusupov topgan xazina haqida nisbatan batafsilroq ma’lumotlar, xazina topilgan bino yerto‘lasidan olingan kadrlar, mutaxassislarning xazinadagi buyumlar qiymati borasidagi fikrlari, saytimiz orqali uzatilgan lavhadan olingan intervyular ham joy olgan.

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati idoralariga kelib tushgan ariza tekshiruvlari natijasida yurtimiz hududidan topilgan tarixiy, madaniy, qimmatbaho buyumlarning respublika hududidan noqonuniy olib chiqib ketilishining oldi olindi.

Gap shundaki, fuqaro Muhammadbobur Yusupov poytaxtimizning markazidagi eski binolardan birida olib borgan qidiruv ishlari vaqtida yerto‘lalarning biridan sakson yil muqaddam yo‘qolgan va taxminan (miqdori qancha) million AQSh dollaridan ortiq qiymatga ega xazina topgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar matbuot va “uz” domenidagi mahalliy internet saytlarida e’lon qilinib, turli shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Bundan xabar topgan bir guruh mahalliy va xorijiy fuqarolar esa turli aldov va ko‘zbo‘yamachilik yo‘llari bilan mazkur topilmalarni chet elga noqonuniy olib chiqib ketishni rejalashtiradi.

Davlat xavfsizlik idoralari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida shu narsa aniqlandiki, mamlakatimiz hududida faoliyat yuritayotgan ayrim xorijiy tashkilotlarning vakillari M.Yusupovga aldov va shaxsiy manfaatdorlikka qaratilgan bir tomonlama kelishuvlarni taklif etadi. Hatto bu topilgan xazinaning bir qismi uchun 600 ming AQSh dollarini bermoqchi bo‘ladi.

Ammo DXX xodimlarining o‘z vaqtida olib borgan sa’y-harakatlari natijasida bu manfur kimsalar o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshira olmadi. Bir necha yuz ming va million dollarlik tarixiy ashyo va topilmalarning begona qo‘llarga o‘tib ketishining oldi olindi. Yosh vatanparvar tadqiqotchi Muhammadbobur Yusupov shaxsiy boylik orttirish, chet ellardagi nufuzli ta’lim dargohlarida o‘qish va ishlash, ko‘chmas mulk orttirish kabi takliflarga uchmasdan o‘z fuqarolik burchini to‘liq ado etdi va davlat xavfsizlik idoralarining bevosita ko‘magi va maslahati bilan o‘zi tomonidan topilgan qimmatbaho tarixiy ashyolarni bus-butunligicha O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirdi.

Mustaqil tadqiqotchi Muhammadbobur YUSUPOV:

– Oxirgi uch yil davomida Toshkent shahri hududidagi jadidlarning tarixini, knyazga tegishli bo‘lgan noma’lum tarix sahifalarini o‘rgana boshladim. Mana shu o‘rganishlarim davrida 2018 yildan boshlab juda katta kolleksiyalarni topa boshladik. Albatta, ushbu qidiruv ishlari Toshkent shahri markazidagi eski rus muhandislari tomonidan XIX asrning ikkinchi yarmida qurilgan binolarda olib borildi.

Xo‘sh, yosh tadqiqotchi tomonidan topilgan xazina nimalardan iborat va uning qiymati qancha?

Mazkur topilmalar noyob san’at asarlari, oltin, kumush tanga va idishlar, burjuaziya uslubida ishlangan buyumlar Toshkent shahrida XIX asrda avliyo Yevangel protestantlari va xristian pravoslav cherkovlari devorlariga ishlangan qadimiy suratlar, ikonalar, qimmatli metallardan yasalgan buyumlardan iborat.

– Bundan tashqari naturalist rassomlarning 1790 hamda 1870 yillar oralig‘ida chizilgan noyob suratlar tabiatshunoslikka, kartografiyaga oid dunyoning siyosiy xaritasi, Buxoro amirligi, Xiva, Qo‘qon xonliklariga tegishli bo‘lgan o‘sha hududlarning xaritalari, siyosiy, ijtimoiy vaziyatlari, holati, aholisi, o‘zbek xalqining madaniyati haqidagi juda noyob toshbosma manbalar topildi. Bundan tashqari o‘rta asrlarga, Sharq allomalariga tegishli bo‘lgan noyob qo‘lyozmalar, Qur’on kitoblari, payg‘ambarlar va avliyolar haqidagi qo‘lyozma manbalar, hujjatlar, muhrlar hamda Turkiston xonliklari va qozikalonlari muhrlari va vaqf hujjatlari, yer-mulkka egalik qilish haqidagi rasmiy hujjat va qonun-qoidalari manbalar orasidan topildi. Oltin, kumush, mis tangalari ham topildi. Bular Rossiyaning oxirgi uch yuz yillik, Yevropani oxirgi ikki yuz yillikdagi tarixi bilan bog‘liq va yurtimiz tarixiga tegishli bo‘lgan IX asrdan XIX asrgacha qadim Turkiston hududida zarb etilgan tangalardir. Ular dunyoning istalgan muzeyini bezashga arziydigan topilmalar hisoblanadi.

Ushbu topilmalar orasida 1918 yil Toshkentdagi knyaz Romanov saroyining noyob kolleksiyalari, 1920 yilda Toshkentga Yevropa va Sankt-Peterburgdan kelgan mashhur dvoryanlar va olimlarga hamda 1932-1938 yillarda Stalin repressiyasi qurbonlari hamda general Jo‘rabek uyidan yo‘qolgan ashyolar ham mavjud.

– Bu toshbosma asar 1537 yilda yozilgan Franchesko Valesio Regi Filiks haqidagi o‘sha davr o‘rta asr Yevropa xalqlari odatlari, madaniyati, urushlari, yerlarni kengaytirish haqidagi jarayonlar tasvirlangan, qadimgi lotin va yunon tillarida yozilgan. Ushbu taklifnomamiz rossiyalik knyaz Nikolay Konstantinovich Romanovga Peterburgdan imperator tomonidan yuborilgan qirollik saroyidagi baletga taklif etish uchun yuborilgan.

Jannat ISMOILOVA,

O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori:

– To‘qsondan ortiq osori-atiqalarni qabul qilib oldik. Ular orasida qadimiy kitoblar, oltin, kumush, mis tangalari, mikroskoplar, turli qo‘lyozma asarlari bor. Ular orasida XVII asrga oid vaqf hujjatini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. U o‘sha davrdagi do‘kondorlar, baqqollarning tarozisini tekshirish bo‘yicha yo‘riqnoma ekan, bu judayam qiziqarli hujjat. Yana XVIII asrga oid shajara hujjati ham bor, anchayin ta’mirtalab holatda. Biz mutaxassislarimiz bilan birgalikda o‘rganib chiqamiz, albatta. Shundan so‘ng ularni ekspozisiya sifatida namoyish qilishimiz mumkin.

Otabek JO‘RABOYEV,

filologiya fanlari nomzodi, dosent:

– Qo‘lyozmalar, avvalambor o‘zining unikal, ilmiy-ma’rifiy jihatdan katta ahamiyat kasb etishi bilan alohida mavqega ega. Bu yerdagi hujjatlar, asosan vaqf, irshodiy, nasab shajaralaridir. Ular orasida o‘sha vaqtdagi qozilikka, yer-mulk, soliq, ayrim madrasalarga vaqf qilib berilgan mulklarga oid bo‘lgan xon, amirlarning maxsus muhrlangan yorliqlari, ko‘rsatmalari kabi hujjatlar o‘rin olgan.

Shuningdek, topilmalar orasida o‘rta asrlarga tegishli noyob qo‘lyozma va toshbosma kitoblar, Rossiya imperatorlari Romanovlar sulolasiga tegishli ashyolar, Pyotr II, Yekaterina II, Nikolay I, Aleksandr II, Aleksandr III, Nikolay II, Aleksiy Sesarovich nomi bilan bog‘liq ashyolar, cherkov mehrobiga o‘rnatiladigan Iso payg‘ambar, Bibi Mariyam va Isoning yog‘ochga chizilgan ikona suratlari, payg‘ambarlar va avliyolar haqidagi noyob kitoblar, Turkiston o‘lkasining siyosiy va harbiy ahamiyatga ega noyob xaritalari, qimmatli metaldan ishlangan Iso payg‘ambar hayotidan lavhalar, oltin, kumush tangalar, 1829-1831 yillarda yevropalik iste’dodli naturalist rassomlar chizgan noyob suratlar ham mavjud.

– Yerostki qismining pastki qavat yerto‘lada g‘isht terib bekitib qo‘yilgan xonalar bo‘lgan ekan, ularga jadid bobolarimiz Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulla Qodiriy kabi ziyolilarimizga tegishli bo‘lgan kitoblar, jurnallar, maqolalari, gazetalar, fotosuratlar, kiyimlar topildi. Bundan tashqari Toshkent shahrida yashagan knyaz Konstantinovich Romanovga tegishli shaxsiy kolleksiyalarning bir qismi, knyaz Dolgarukov va knyaz Galesinalarga tegishli bo‘lgan kolleksiyalarning musodara qilinganini bir qismi saqlangan. Turkistonda qidiruv ishlarini olib borgan nemis, fransuz sayyohlari, harbiylarning xaritalari va Turkistonimiz hududi haqida to‘plagan ma’lumotlari saqlanganini menga aytishdi va kolleksiyada haqiqatan ham ushbu ashyolar topildi. Ularni taxminan 1937-38 yillarda o‘zbek ziyolilari, Turkiston xalq universitetining faxriy ustozlari berkitishga ulgurgan. Kolleksiyani topganimda rostini aytaman, O‘zbekistondan, xalqaro tashkilotlardan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan noqonuniy o‘zlashtirishga urinishlar bo‘ldi. Xorij davlatlaridan bir guruh vakillar O‘zbekistonga kelishdi, uchrashishdi, lekin hozirgacha birorta kolleksiya yo‘qolgani yo‘q. Bir qismini O‘zbekiston tarixi muzeyiga topshirdik. Bu ishlarni qilishda yordam bergan, xazinani xavfsizligini ta’minlagan, xazinani olib chiqishda, qazishda ishtirok etgan, hujraga kirgan insonlarning xavfsizligini ta’minlaganligi uchun Davlat xavfsizlik xizmatiga va uning maxsus guruhi xodimlariga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

Sirojiddin AHMEDOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi:

– Mazkur topilgan narsalarning ichida judayam noyob kitoblar, jurnallar, gazetalar, buyumlar borki, bugungi kunda nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo miqyosidagi muzeylar olib havas qilib ko‘rsatishga arziydiganlari bor. Shuning uchun ham bu ukamizni mehnatini qadrlayman. Muhammadboburning qilayotgan ishlari kattakon bir institutning qilayotgan ishlari bilan teng, desam mubolag‘a qilmagan bo‘laman.

– Kolleksiyani hozirgi kunda sakson foizi juda yaxshi saqlangan. Faqatgina yigirma foiz qismi restavrasiyaga muhtoj. Mana shu restavrasiya ishlari yakunlangach uni keng jamoatchilikka, xalqimizga ko‘rgazma ekspozisiyasi sifatida muzeylarga qo‘yish bizning navbatdagi maqsadimiz.

Jannat ISMOILOVA, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori:

– Xalqimiz madaniyatini, tarixini bir qismini to‘ldirib beradigan osori-atiqalar muzeyga keladi. Muhammadboburga o‘xshagan fuqarolarimiz ko‘p bo‘lsin. Fuqarolarimizning uylarida turgan qo‘lyozmalar, uy-ro‘zg‘or buyumlari, kiyimlar bor. Bu buyumlar bora-bora o‘z qiymatini, sifat darajasini yo‘qotib boradi. Men fuqarolarimizga shunday buyumlari bo‘lsa, muzeylarga topshirishini so‘rayman, ular uyingizda 50-100 yil tursa, muzeylarda ming, ikki ming yil yashaydi. Siz topshirgan ashyo tarixning ochilmagan bir qirrasini ochishga yordam beradi.

Bu ashyolarning barchasi tarixning biz bilmagan noma’lum sahifalarini ochishga, yangi-yangi tadqiqotlarning yuzaga kelishiga asosiy manba bo‘lib xizmat qilsa ajab emas. Zero, Muhammadbobur kabi fidoyi vatandoshlarimiz bor ekan hali ko‘plab madaniy boyliklarimiz mamlakatimiz muzeylarini bezaydi, tariximiz yangidan-yangi ma’lumotlar bilan boyib boraveradi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!