Toshkentdagi OTMlardan birida dekan o‘rinbosari talaba qizni zo‘rlashga uringani aytilmoqda

Toshkentdagi OTMlardan birida dekan o‘rinbosari talaba qizni zo‘rlashga uringani aytilmoqda

​Nemolchi.uz loyihasiga Nizomi nomidagi Pedagogika davlat universiteti 3-kurs talabasi Kamilova Mushtari-bonu murojaat qildi. Joriy yilning 18 oktyabr kuni u Zulfiya mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Yuldashev Bog‘abek xonasiga kiradi. B.Yuldashev kutib turishini so‘raydi. Qizning aytishicha, xonadan hamma chiqib ketgach, dekan o‘rinbosari charchaganligini aytib, unga qahva damlab berishni so‘raydi. Qiz qahva damlash uchun chog‘langanda erkak eshikni ichkaridan qulflab, chiroqni o‘chiradi. Mushtariy nimanidir sezganday yaqin do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, tezroq yetib kelishni so‘raydi. Xonadan chiqay desa, erkak uni ushlab olib, xonasidagi divanga yotqizmoqchi bo‘ladi.

Qiz qarshilik qiladi. Eshikning u tarafida esa qizning do‘sti kelib, eshikni ochishni so‘raydi. Mushtariy amallab oyna oldiga kelib, yordamga chaqiradi. Shunda qizning aytishicha, erkak uni derazadan itara boshlaydi. U qanchalik qarshilik ko‘rsatmasin kuchi yetmay, oynadan pastga tushib ketadi. Dekan muovini esa derazani yopib, jalyuzini tushiradi va eshikni ochadi. Qizning do‘sti Bog‘abekni olib, pastga tushadi. Atrofda yig‘ilganlarga Bog‘abek qiz oynadan o‘zi sakragani va uni o‘zi shifoxonaga olib borishini aytadi.

Mushtariyni mashina orqa o‘rindig‘iga yotqizishadi, do‘sti haydovchi oldidagi o‘rindiqqa o‘tiradi. Yo‘lda Bog‘abek qizning onasiga qo‘ng‘iroq qilib, qiz oynadan tushib ketgani va uni shifoxonaga olib borishayotganini aytadi. Svetoforning qizil chirog‘ida qizning do‘sti orqa o‘rindiqqa o‘tguncha Bog‘abek qizga oyna artayotib o‘zi tushganini aytishini tayinlaydi. Shu payt yigit orqa o‘rindiqqa o‘tib, nima bo‘lganini so‘raydi. Qiz unga sekin uni itarishganini bildiradi...

Shifokorlarning aytishicha, qizni vaqtida olib kelishibdi. Mushtariyga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashhisini qo‘yishdi. U hali beri oyoqqa turolmaydi... Uning rejalari nima bo‘ladi? Qiz kashtachilik bilan shug‘ullangan, ko‘plab medallar, sertifikatlarga ega. “Istiqbolli avlod” nodavlat notijorat tashkiloti vakillarining ta’kidlashicha, u to‘garaklardagi eng yaxshi o‘quvchilardan biri bo‘lgan. Uning boshiga bunday fojia tushganiga hech kim ishonmayapti.

Qiz yaqinlarining aytishicha, dekan muovini tomonidan kelgan odamlar ularga o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirishlari uchun pul taklif qilgan. Bog‘abek esa hammaga qiz o‘z joniga qasd qilgan deyapti. U o‘qigan fakultet talabalarini to‘liq onlayn ta’limga o‘tkazishdi. Bu bilan nimani sir tutishmoqda?

"22 oktyabr kuni biz Mushtariy voqeasini O‘zbekiston IIV huzuridagi xotin-qizlar masalalari boshqarmasiga yubordik. Afsus, haligacha rasmiy munosabat bildirilmadi. Bog‘abekka nisbatan qanday jazo qo‘llanilishi ham noma’lum.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, tegajog‘lik faktini isbotlash qiyin: qizning so‘zlari zo‘ravonning so‘zlariga qarshi. Va tergov aksariyat holatlarda erkakka ishonadi. Agar tegajog‘lik isbotlansa ham buning uchun huddi zo‘rlashga urinish holatiday jazo yo‘q", deyiladi manbada.

Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, holat Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda.

Natijasi haqida xabar qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!