Toshkentdagi maktablardan birida bolalarning paypog‘ini tekshirib, kalta paypoqlilarni suratga olishgan – manba

Toshkentdagi maktablardan birida bolalarning paypog‘ini tekshirib, kalta paypoqlilarni suratga olishgan – manba

Toshkentdagi maktablardan birida bolalarning paypog‘ini tekshirib, kalta paypoqlilarni suratga olishgan. Bu haqda "Bloger Shahnoza" telegram kanali yozmoqda.

"Kecha o‘g‘limning sinfiga kirib, dars payti bolalarning oyoq kiyimini yechtirib, paypog‘ini ko‘rishibdi: kaltami-uzunmi? Kalta paypoqli oyoqlarni suratga olishibdi (bola huquqlari? U nima???). Buni LGBTga qarshi kurash deb tushuntirishibdi.

Iftor payti shu mavzu ko‘tarildi uyda. Bolaning savollari ko‘paygan: javob bersak, qizim eshitib o‘tiribdi, bermasak, bo‘lmaydi. 

Dars o‘rniga LGBT mavzusini ortiqcha eslatadigan ma’ruzalar kirib bordimi maktablarga? Absurd darajaga olib chiqyapsizlar-ku antitarg‘ibotni. Mavzuni yopinglar endi, hech bo‘lmasa maktablarda!  Men buni ham LGBT targ‘iboti deb baholayman, qora piar ham piar, axir. 

Surishtirib ko‘rsam, Xalq ta’limi tizimidan bunday topshiriq tushmagan. Demak, boshqa bir tashkilotning topshirig‘i (balki, kimningdir shaxsiy tashabbusidir - yaxshi gumon). Biz bolalarimizni maktabga jo‘natar ekanmiz, ularning ta’limini ham, tarbiyasini ham o‘zimiz taniydigan, bolalarimiz bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan o‘qituvchisiga va maktabga ishonamiz. Biroq maktabga xo‘jayin ko‘p, hamma o‘zining yo‘l xaritasini, dasturini bajarishi kerak, shunga dars payti eshikni tepib kirib boraverishadi. Dars muqaddas, ta’lim muqaddas degan tushuncha yo‘q. Har safar bolalar maktabdan "darsda formamizni tekshirdi, galstuk taqmaganlarni urishdi" deb kelganida, barbod bo‘lgan darsga achinaman. 

Bir paytlar kamolotchilar darslarni buzganida, jamoatchilik qarshilik ko‘rsatgan edi. Endi ma’naviyatchilarga o‘tdimi estafeta??? 

Masalan, kecha tarbiya soatiga aylanib, LGBTning kalta paypoqqa bog‘liqligi to‘g‘risida ma’ruza o‘qilgan 20 daqiqa (shartli) O‘ZBEK TILI darsi hisobidan ketdi, til jonkuyari sifatida menga ikki karra alamli bu hol. Shu 20 daqiqalik bilimning o‘rnini qachon to‘ldirish to‘g‘risida  o‘sha “yo‘l xarita”larida nimadir deyilganmi? Nechta sinfda qanchalab 20-30 daqiqalar ketyapti bunga? Savodi, bilimi bo‘lmagan odamni ma’naviyatli qilish mushkulligini, hamma ezguliklar, yuksak ma’naviyat ham, avvalo bilim va savod ustiga qurilishini bilmaymizmi? Yumshoq targ‘ibot yo‘lidan borib, tarbiyani dars va ta’lim tizimiga aralashmagan holda, darslarda ma’ruza emas, darsdan tashqarida yuksak qadriyatlarni aks ettirgan san’at, adabiyot asarlarini sahnalashtirish, tomosha qilish, bepul to‘garaklar faoliyatini rivojlantirish orqali amalga oshirsa bo‘lmaydimi? 

Aytgancha, kim qaysi konspirologik nazariyaga ishonsa, o‘zining ishi. Lekin bola paypog‘ining uzunligini o‘zi va ota-onasi hal qiladi!", deya yozadi muallif.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!