Toshkent shahar sudi Tracker haydovchisining YPX xodimini urib yuborgani yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Toshkent shahar sudi Tracker haydovchisining YPX xodimini urib yuborgani yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi natijasida Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori urib yuborilgani haqidagi videoyozuv yuzasidan ma’lumot berildi.

2021 yil 23 sentyabr kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasi, Markaz-4 mavzesi, 1-uy qarshisida fuqaro K. U. o‘z boshqaruvida moddiy javobgarlik to‘g‘risidagi shartnomaga asosan topshirilgan “Tracker Primier” rusumli davlat raqami 01 818 NGA avtoulovini boshqarib, “Yo‘l harakati qoidalari”ning 83-bandi talabi, ya’ni relssiz transport vositalarini faqat chap tomondan quvib o‘tishga ruxsat berilishi belgilanganligiga qaramasdan, ushbu band talablariga zid ravishda, yo‘nalishini o‘ng tomonga keskin o‘zgartirgan. Undan oldin harakatlanayotgan avtoulovni o‘ng tomondan quvib o‘tish maqsadida harakatlanib, fuqaro SH. U. ning boshqaruvida bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtoulovini o‘ng tomondan quvib o‘tayotgan vaqtda to‘qnashib ketadi va shu joyda o‘z xizmat vazifasini olib borayotgan Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘linmalari Yo‘l-patrul xizmati brigadasi Yo‘l-patrul xizmati 3-batalyoni 6-safarbarlik guruh YPX inspektori A. A. ni urib yuborgan.

Natijada A. A. yo‘l chetida turgan o‘zining “Lasetti” rusumli avtomashinasiga urilib tushib, olgan jarohatlar bilan tez tibbiy yordam shifokorlari tomonidan RSHTYOIMga yetkazib borilgan.

Shuningdek, K. U. tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi natijasida, uning boshqaruvida bo‘lgan “Tracker Primier” rusumli avtoulovida yo‘lovchi tariqasida o‘tirgan turmush o‘rtog‘i ham tan jarohatlar olib, 1-sonli RKShga olib borilgan.

2022 yil 7 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida K. U. (1989 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan, Halq ta’limi vazirligi qoshidagi “Innovasiya, texnologiya va strategiya markazi” DUK haydovchisi, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni yakuniga yetib, sud hukmi e’lon qilingan.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Shuningdek, Halq ta’limi vazirligi qoshidagi “Innovasiya, texnologiya va strategiya markazi” DUK hisobidan fuqaroviy da’vogar SH. U. foydasiga 15 469 100 so‘m, jabrlanuvchi A. A. foydasiga jami 4 060 002 so‘m yetkazilgan moddiy zarar undirilishi belgilangan.

2022 yil 25 aprel kuni sudlanuvchi tomonidan chiqarilgan hukm ustidan apellyasiya tartibida shikoyat berilib, ayni paytda ushbu shikoyat Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida ko‘rish uchun rasmiylashtirimoqda.

Apellyasiya shikoyatini ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!

Bildirilgan fikrlar (1 )

    Фарход
    Учяптими бу