«Toshkentda yangi uylar qurmasak, narxlar keskin oshib ketadi» — Jahongir Ortiqxo‘jayev

«Toshkentda yangi uylar qurmasak, narxlar keskin oshib ketadi» — Jahongir Ortiqxo‘jayev

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev poytaxtda yuzlab ko‘p qavatli yangi uylar qurilayotganiga qaramasdan uylarning narxi nega pasaymayotganiga izoh berdi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».

«Ko‘pchilik hamma yoq qurilish, qum va chang bo‘lib ketdi, deb norozi bo‘ldi. Agar bugungacha shaharda ommaviy qurilishlarni qilmaganimizda bugungi narxlar ham bo‘lmasdi. Biz 2—3 yil avval yaqin orada uylarning narxi 1 kvadrat metrga 1,5 million so‘mdan kam bo‘lmasligini taxmin qilganmiz. Xabaringiz bo‘lsa, shaharda uylarni 2—3 ta kompaniya qurardi. Uylarni sotish ofislari bo‘lmas edi, qanaqadir tanish topishingiz kerak edi. Qaysidir ofislarga chiqardingiz, tortmani ochardi, 50 foizini qo‘ying, bitganda olasiz derdi», — degan u 19 dekabr kuni poytaxt hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Hozir esa savdo ofislari paydo bo‘lgani, xizmat sifati oshib, 3 yil ichida bo‘lib to‘lash imkoniyati paydo bo‘lganini ta’kidladi.

«Aytmoqchimanki, qurilishni o‘z vaqtida jadallashtirganimiz uchun shu narxlar bor. Agar qurilishni to‘xtatib qo‘ysak, Toshkent shahrida ‘propiska rejimi’ bekor qilingani hisobiga ham narxlarning keskin oshishi, uylar yetishmovchiligi kuzatiladi. Shuning uchun biz bugun tezda katta-katta loyihalarni qilishga majbur bo‘lmoqdamiz. Uylar qimmatlashgani sari kamroq daromadli oilalarning uy sotib olish darajasi keskin kamayib ketadi», — deb qo‘shimcha qilgan hokim.

Jahongir Ortiqxo‘jaev yuqorida aytib o‘tilganlarni inobatga olgan holda loyihalarni jadal amalga oshirish, shuningdek, zarur infratuzilmani shakllantirish zarurligini ta’kidlagan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!