Toshkentda tramvay faoliyatini tiklash taklif qilindi

Toshkentda tramvay faoliyatini tiklash taklif qilindi

O’zbekiston 24 telekanalida efirga uzatilgan «Menimcha» teleloyihasida Toshkent jamoat transportidagi muammolarni hal qilish uchun tramvaylar faoliyatini tiklash taklif qilindi.

Loyiha muallifi Xayrulla Nuriddinov Toshkent shahridagi jamoat transporti muammolari haqida gapirib, tramvay faoliyatini tiklash taklifini berdi.

«Transport faoliyatini takomillashtirish maqsadida Toshkentga tramvaylarni qaytarish kerak, menimcha. Katta va gavjum shaharga tramvay juda asqatadi. Hammamizning esimizda-ku o‘sha qulay, bejirim, bir tekis yuradigan, eng muhimi ekologiyaga umuman zarar yetkazmaydigan qadrdon tramvaylar. Bu mening fikrim, albatta. Agar Toshkent mutasaddilarining o‘rnida bo‘lganimda, ana shu tashabbus bilan chiqardim», — deydi Xayrulla Nuriddinov.

Qayd etish kerakki, Toshkent shahrida tramvay faoliyati 115 yillik tarixidan keyin 2016 yil may oyida to‘xtatilgandi. O‘sha yili 2 may kuni «Beshqayrag‘och»–Ippodrom bozori yo‘nalishidagi 17-tramvay oxirgi reysini bajargan.

Chexiyadan olib kelingan zamonaviy Vario LF tramvaylari poytaxtda 4 yil harakatlangach, Samarqandga olib ketildi. 2017 yil aprel oyidan buyon Samarqandda Sartepa–Temiryo‘l vokzali va Siyob bozori–Temiryo‘l vokzali yo‘nalishida tramvaylar harakatlanmoqda. Bungacha Samarqandda 1947-1973 yillarda oralig‘ida ham tramvay harakatlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!