Toshkentda tezlikni 60 km/soatgacha pasaytirish taklifi deputatlar tomonidan rad etilgani rostmi?

Toshkentda tezlikni 60 km/soatgacha pasaytirish taklifi deputatlar tomonidan rad etilgani rostmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida belgilangan tezlikni 10 km/soatga pasaytirish, ya’ni 60 km/soat qilib belgilash to‘g‘risida Toshkent shahar IIBB YHXB taklifi poytaxtlik deputatlar tomonidan rad etilgani haqida ma’lumotlar tarqaldi.

Holatga xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi rasmiy munosabat bildirdi.
Keltirilishicha, poytaxtlik deputatlar tomonidan Toshkent shahar IIBB YHXBning shaharning ayrim ko‘chalarida transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligini soatiga 60 kilometrgacha kamaytirish to‘g‘risidagi taklifi ko‘rib chiqilgan.

Deputatlar kiritilgan taklifni muhokama qilish jarayonida aloqador idora va tashkilotlar bilan birgalikda har tomonlama va chuqur o‘rganish zarurligi, bunda Toshkent shahar ko‘cha va yo‘l tarmog‘i, aholining harakatlanish oqimlari yo‘nalishlarini va shu kabi bir qator omillarni hisobga olish zarurligini bildirgan.

"Mazkur taklif rad etilmagan bo‘lib, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi muhokamasiga qayta kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi ma’lum qilinadi", deyiladi rasmiy munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev fevral oyida Samarqand shahriga qilgan tashrifida ayrim gavjum ko‘chalarda hozirgi tezlikni 70 km/soatdan 60 km/soatgacha tushirish zarurati borligi ko‘rsatib qo‘ygandi. "Yaqinda Toshkentda tezlik ko‘pi bilan 60 km/soatgacha belgilangani haqida qaror chiqadi", — degan edi shunda davlat rahbari.

Prezident poytaxt va yirik shaharlardagi markaziy ko‘chalarda tezlik cheklovlarini ilmiy asoslanib belgilash lozimligi qayd etgandi.

Umuman olganda rivojlangan mamlakatlarning megapolislarida 60 km/soat uzoq vaqtdan beri qabul qilib bo‘lmaydigan tezlik bo‘lib kelgan, chunki bu piyodalar uchun ham havfli sanaladi. Jahonning ko‘plab shaharlarida tezlik 40-50 km/soat qilib belgilangan. Masalan, Olmaota shahrida 2025-yildan boshlab transport harakati tartibga solinadigan shaharning asosiy ko‘chalarida, shuningdek, mahalliy va viloyat ahamiyatidagi ko‘chalarda tezlikni 30-50 km/soatgacha cheklovchi hujjat tasdiqlandi.

Ma’lumot uchun, bugungi kun uchun ruxsat etilgan maksimal tezlik Parijda - 30 km/soat, Londonda - 20 mil/soat (32 km/soat), ba’zi yo‘llarda 30 mil/soat (48 km/soat), Nyu-Yorkda - soatiga 25 mil (40 km/soat), Rossiyada 50 km/soat (ayrim ko‘chalarda 30 km/soat) etib belgilangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!