Toshkentda terroristik tashkilotlarga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Toshkentda terroristik tashkilotlarga qo‘shilmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Chilonzor tumanida bir nechta fuqarolarni sport zallardan olib chiqib ketishganligi haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo‘limi ish yurituvida fuqaro A.A.ga nisbatan JKning 244-2-moddasi (“Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish”) alomatlari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.

Aniqlanishicha, ushbu fuqaro xalqaro terroristik tashkilotlarga qo‘shilish maqsadida O‘zbekiston hududidan chiqib ketayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Mazkur jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchining jinoiy sheriklarini aniqlash maqsadida bir nechta fuqarolar tergov idoralariga chaqirtirilgan, biroq ayrim fuqarolar uzrli sabablarsiz tergov organlariga kelishdan bosh tortganligi bois, ular hududiy tuman IIO FMBga majburiy tartibda olib kelingan.

"Ayrim fuqarolar Chilonzor tumanidagi sport zallarda bo‘lishgan va tuman IIO FMBga olib borilgan. Keltirilgan har bir fuqaro bilan suhbat o‘tkazilib, jinoyat ishiga aloqador bo‘lmagan fuqarolar qo‘yib yuborilgan. 3 nafar fuqaroga nisbatan jinoyat ishi doirasida qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov davom etmoqda", — deyiladi xabarda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!