Toshkentda TDT Sarmaqand sammiti yakunlariga bag‘ishlangan xalqaro onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi

Toshkentda TDT Sarmaqand sammiti yakunlariga bag‘ishlangan xalqaro onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi

Bugun poytaxtimizda “Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti: asosiy yakunlar va hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro anjuman boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya va Vengriyaning yetakchi tahliliy markazlari mutaxassislari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyatining 20 dan ortiq vakili ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov, TDT bosh kotibi o‘rinbosari Gismat Gozalov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori o‘rinbosari Fanil Kadirov ishtirokchilarga tabrik so‘zi bilan murojaat qilishdi.

Qatnashchilar Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti yakunlari, jumladan, tadbirning ahamiyati, anjumanda Prezidentimiz tomonidan bildirilgan muhim tashabbuslarni muhokama qilishmoqda.

Ekspertlar TDTning Istambul va Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitlari oralig‘ida ilgari erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitish hamda “Turkiy dunyo nigohi-2040” strategiyasini amalga oshirish doirasida yangi loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha misli ko‘rilmagan faollik namoyish etilganini qayd etdi.

Mamlakatimiz bu borada turli tadbirlarni o‘tkazish uchun muhim maydonga aylandi.

Xususan, so‘nggi yillar yurtimizda turkiy mamlakatlar tahliliy markazlarining 8-yig‘ilishi, TDT transport vazirlari yig‘ilishi, tashqi ishlar vazirlari kengashi bo‘lib o‘tdi.

“Turkiy sivilizasiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusida Samarqandda bo‘lib o‘tgan birinchi sammit barcha tadbirlarning asosiy yakuni bo‘ldi.

Mutaxassislar fikricha, sammit tashkilotning keng ko‘lamli kun tartibini muhokama qilish uchun yuqori darajadagi platformani taqdim etdi. O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa mamlakatlarda o‘zaro savdo va investisiyaviy hamkorlik uchun qulay sharoit yaratish, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish kabi ustuvor masalalar shular jumlasidan.

“Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti: asosiy yakunlar va hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari” xalqaro anjumani kun tartibidagi keng ko‘lamli masalalarni ko‘rib chiqish, sammitning asosiy natijalari yuzasidan fikr almashish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida forum “Samarqand deklarasiyasi – bugungi geosiyosiy sharoitda turkiy davlatlar integrasiyasi uchun yangi turtki” hamda “Turkiy davlatlar tashkiloti mintaqada i tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va bu boradagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiruvchi institusional asos sifatida” mavzulari bo‘yicha ikki sessiyaga bo‘lingan holda davom etdi.

Konferensiyada mutaxassislar tomonidan bildirilgan xulosa, fikr va takliflar o‘zaro munosabatni yanada chuqur o‘rganish, turkiy mamlakatlar o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga nisbatan umumiy yondashuvni topishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 11 noyabr kuni Samarqand shahrida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida “Turkiy sivilizasiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” shiori ostida Turkiy davlatlar tashkiloti birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban ishtirok etdi.

Sammitda muzokaralar yakuni bo‘yicha 10 dan ortiq ko‘p tomonlama hujjat imzolandi. Tashkilotga a’zo davlatlarning xalqaro kun tartibiga oid dolzarb masalalar bo‘yicha kelishilgan fikrlari sammitning asosiy yakuniy hujjati – Samarqand deklarasiyasida qayd etildi.

“Turkiy dunyo nigohi-2040”konsepsiyasini amalga oshirish doirasida “Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” ham qabul qilindi. Tez orada Turkiy investisiya jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror muhim hujjatlardan biri bo‘ldi.

Shuningdek, sammit doirasida Xalqaro aralash yuk tashish to‘g‘risidagi bitim va Transport bog‘liqligi dasturi ham imzolandi.

Sammit Turkiya Respublikasining TDTga raisligini yakunlab berdi. Bu vazifa O‘zbekiston Respublikasiga o‘tdi. Tashkilotga a’zo davlatlar Prezidentimizning 2023 yilni “Turkiy sivilizasiyaning yuksalish yili”, deb nomlash to‘g‘risidagi taklifini bir ovozdan ma’qulladilar.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!