Toshkentda «Tashkent Travel Mart 2022» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

Toshkentda «Tashkent Travel Mart 2022» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi

17 mayda poytaxtdagi «Hilton Tashkent City» mehmonxonasida B2B formatida «Tashkent Travel Mart 2022» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

An’anaviy tarzda o‘tkaziluvchi «Tashkent Travel Mart 2022» tadbirini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Isroil Turizm vaziri YoYEl Razvozov ochib berdi.

Tadbir Turizm va madaniy meros vazirligi qo‘llab-quvvatlashi ostida O‘zbekiston Xususiy Sayyohlik Tashkilotlari Uyushmasi (XSTU) tomonidan Yevropa Ittifoqining « Switch Asia» loyihasi, USAIDning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirishga oid loyihasi, O‘zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi, « ACTED» va Xalqaro Moliya Korporasiyasi (IFC) ko‘magida tashkil etildi.

B2B formatidagi « Tashkent Travel Mart 2022» xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi tarmoqlararo muloqotni kengaytirish va yangi sharoitlarda bozorni rivojlantirishning maqbul yechimlari va yo‘llarini ishlab chiqish uchun ixtisoslashtirilgan turistik maydonchadir. B2B formati, ya’ni «biznes uchun biznes», ko‘rgazmada ixtisoslashgan tashkilotlarga biznes imkoniyatlarini kengaytirish, o‘z biznesini yuritishdagi ko‘plab muammolarni hal etish, turizm xizmatlarini taklif etish imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilda ko‘rgazmada O‘zbekiston va butunjahon sayyohlik tashkilotlarining eng faol vakillari ishtirok etdi. Bular 10 dan ortiq davlatlarning turoperatorlar, sayyohlik agentliklari, mehmonxonalar, banklar, onlayn xizmatlar, sug‘urta kompaniyalaridan iborat 90 dan ortiq xorijiy kompaniyalaridir. Ular orasida Germaniya, Chexiya, Estoniya, BAA, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan sayyohlik sohasi vakillari bor.

Mamlakatimizning turizm sohasida mavjud samarali «yashil» texnologiyalardan foydalanish jahonda tobora tanilib borayotgan SBT turizmini ommalashtirish xalqaro miqyosda turizm sanoati salohiyatini oshirishda muhim omil bo‘lyapti. Shu maqsadda «Tashkent Travel Mart 2022» ko‘rgazmasi Zero Sarbon Fair yetakchiligida o‘tkazilyapti.

Tadbir doirasida turizm sohasi mutaxassislari nafaqat qiziqarli muammolarni muhokama qilish, balki dolzarb savollarga javob topish imkoniga ega bo‘ldilar. Shuningdek, potensial mijozlar va yangi hamkorlar bilan samarali uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusida hamkorlik to‘g‘risida shartnomalar tuzildi va memorandumlar imzolandi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lumot uchun: «Tashkent Travel Mart 2022» asoschisi 1998 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Xususiy Sayyohlik Tashkilotlari Uyushmasi (OʼzXSTU) bo‘lib, O‘zbekistonda turizm sohasida faoliyat yurituvchi eng yirik va eng qadimgi nodavlat, notijorat tashkilot hisoblanadi. OʼzXSTU ilg‘or xorijiy tajriba asosida turizm sohasida innovasiyalarni joriy etishga intiladi. 200dan ortiq turoperatorlar, mehmonxona biznesi va mehmon uylari, xostellar, turizm biznesi sohasidagi dasturiy ta’minot vakillarini birlashtirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!