Toshkentda tadbirkor 81 ta daraxtni kesib tashladi

Toshkentda tadbirkor 81 ta daraxtni kesib tashladi

Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi o‘zining Facebook’dagi sahifasi orqali Yakkasaroy tumani Yunus Rajabiy ko‘chasi 66/1, 66/2, 66/3, 66/4 hamda 72-uylar oralig‘idagi daraxtlarning kesilishi bo‘yicha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan manzildagi uylar oralig‘idagi yer maydonida Toshkent shahar hokimining 2018 yil 16 apreldagi 608-sonli qarori bilan Buildinig and Supplies MCHJga ko‘p qavatli turar joy binolarini qurish uchun maydoni 0,5 gektar yer doimiy foydalanishga ajratib berilgan.

Ma’muriy sud qaroriga ko‘ra, 20 kun ichida Buildinig and Supplies MCHJ tomonidan Toshkent shahar hokimining 2018 yil 16 apreldagi 608-sonli qaroriga asosan kirish uchun olingan 0,5 gektar yer maydonini bekor qilish da’vo arizasini kiritish mumkin bo‘lgan.

20 fevral kuni mazkur yer maydonida jami 81 dona daraxt Buildinig and Supplies MCHJ tomonidan kesilganligi aniqlangan. Jumladan, 6 dona qayrag‘och, 3 dona zarang, 1 dona akasiya, 11 dona aylantus, 24 dona, shumtol, 10 dona safora, 3 dona eman, 9 dona brussonetiya (qog‘oz daraxti), 14 dona tut daraxtlari kesilganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar ishtirokida dalolatnoma tuzilgan hamda ashyoviy dalil sifatida kesilgan daraxtlar fotosuratga olingan.

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman hokimligi tomonidan jami 70 dona daraxtni kesilishi yuzasidan Buildinig and Supplies MCHJga 03-06/35 hamda 03-06/40 sonli ruxsatnoma berilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi 5863-sonli farmoniga asosan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etilgan. Moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesilishiga ruxsatnoma berish man etilgan.

Mazkur holat yuzasidan barcha hujjatlar Toshkent shahar prokuraturasiga o‘rganib chiqib huquqiy baho berish yuzasidan 21 fevral kuni kiritilgan.

«Agar Yakkasaroy tumani hokimligining qarori noqonuniy deb topilsa, o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 603 million 421 ming so‘mni tashkil etadi», — deyiladi xabarda.

«Gazeta.uz»ning yozishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev 20 fevral kuni tuman aholisi va tadbirkorlar bilan uchrashib, Toshkent shahrining sobiq hokimi qarori noqonuniy bo‘lganini aytgan.

Poytaxt hokimligining qarori qabul qilinayotgan vaqtda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 iyuldagi qarori ham amalda bo‘lgan. Unga ko‘ra, Toshkentda yer uchastkalarini ajratishda hokim qaroridan tashqari maxsus komissiyaning qarori ham kerak bo‘lgan, biroq tadbirkorda ushbu qaror mavjud emas.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!