Toshkentda sobiq tergovchiga hukm o‘qildi

Toshkentda sobiq tergovchiga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida, ochiq sud majlisida, VKA rejimida, tuman sudining sudyasi Anvar Ikromovning raisligida 1983 yilda tug‘ilgan ilgari Uchtepa tuman prokuraturasida tergovchi lavozimida ishlagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar qildi.

Sudlanuvchi 2019 yilning avgustidan Uchtepa tuman prokuraturasi tergovchisi lavozimida ishlab kelgan. Egallab turgan lavozimiga ko‘ra, mansabdor shaxs bo‘la turib, bevosita o‘ziga yuklatilgan xizmat vazifalaridan kelib chiqib, o‘z faoliyatini qonun hujjatlari doirasida amalga oshirib, qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish kirsada, ish yurituvidagi Toshkent shahar prokurorining 08.04.2022 yil kunidagi roziligi bilan Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan JK 184-moddasining 3-qismi va 189-moddasining 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha joriy yilning 9 aprel kunidan dastlabki tergov harakatlarini olib borgan. Noqonuniy boylik orttirish maqsadida, MCHJning yagona ta’sischisi va rahbari hamda jamiyatning huquqshunosini bir necha marotaba Uchtepa tumani prokuraturasiga chaqirtirgan. Ularga jinoyat ishi bo‘yicha jamiyatning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha aniqlangan 1 186 612 773 so‘mlik qo‘shimcha qiymati solig‘i va 859 868 334 so‘mlik foyda solig‘ini jami 2 046 481 107 so‘m miqdordagi zararlarni to‘lanmagan taqdirda, ish bo‘yicha jamiyatning rahbarini ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilishni va unga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni, sodir etilgan jinoyati uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirsa-da, unda besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanganini, jamiyatning rahbariga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llamaslik uchun unga pora tariqasida 50 000 AQSh dollarini berishini, aks holda JPKning 221-moddasi tartibida ushlashini va «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashlik uchun tuman sudiga iltimosnoma taqdim qilishini aytib, tamagirlik yo‘li bilan jamiyatning huquqshunosi orqali 50 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishni bir necha marotaba talab qilgan.

Xususan, MCHJning yagona ta’sischisi va rahbarining arizasiga asosan, 2022 yil 29 aprel kuni, soat 12:30 larda, DXX Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, tergovchi Uchtepa tumani, Farhod ko‘chasidagi savdo majmuasi oldiga «Matiz» rusumli avtomashanada yo‘lovchi sifatida kelib, u yerda uni kutib turgan jamiyatning huquqshunosini ushbu avtomashinaning orqa o‘rindig‘iga o‘tirg‘izgan. So‘ng avtomashina kinoteatr oldidagi chorrahaga yetgach, avtomashina saloni ichida jamiyatning huquqshunosidan polietilen paketga solingan, oldindan kimyoviy ishlov berilgan 50 000 AQSh dollarini olgandan keyin jamiyatning huquqshunosini tushirib, ushbu mashinada harakatlanishni davom ettirib, 3-bekatga yaqinlashganida tezkor xodimlar tomonidan tadbir davomida ushlangan.

Sud-daktiloskopik ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, oq-havo rangli polietilen paketda sudlanuvchining chap qo‘l katta barmog‘ining izi borligi aniqlangan.

Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan sudlanuvchi unga e’lon qilingan aybga qisman iqrorlik bildirdi.

Sudning hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismining «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va JKning 45-moddasiga asosan 3 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida va prokuratura idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukmdan norozi tomonlar 20 sutka ichida, sudlanuvchi hukm nusxasini qo‘liga olgan kundan boshlab shu muddat ichida, shu sud orqali Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining apellyasiya instansiyasiga apellyasiya tartibida shikoyat berishi, prokuror esa protest keltirishga haqli.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!