Toshkentda soat tungi 03:00 da qilingan jinoyat fosh bo‘ldi

Toshkentda soat tungi 03:00 da qilingan jinoyat fosh bo‘ldi

Har bir kun yangi imkoniyatlar eshigini ochib beradi. Ming afsuski, bundan unumli foydalanish o‘rniga bebaho vaqtini behuda sarflaydiganlar ham bor. Ayni o‘qib, ilm oladigan yoshda “muqaddam sudlangan” degan tamg‘a bilan yana takror jinoyatga qo‘l uradiganlar esa o‘z oyog‘iga o‘zlari bolta urayotganlarini anglashmaydi, chog‘i. Yo‘qsa, 19 yoshli yigit talonchilik, 18 yoshli yigit esa firibgarlik jinoyatini sodir qilib, tegishli jazo olgan bo‘lishiga qaramay, yana shu “yo‘l”dan yurmagan bo‘lardi...

Gap shundaki, 19 yoshli sudlanuvchi 2022 yilning yanvarda soat 05:00 larda o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida 18 yoshli tanishi bilan oldindan til biriktiradi. Toshkent shahar Uchtepa tumani, Chilonzor mavzesi, 12-dahadagi uy oldida qarovsiz qoldirilgan “Damas” rusumli avtomashinaning yo‘lovchi tomon orqa eshigini oynasini o‘ziga xos usul bilan ochib, avtomashina “tarpetka”sidagi kichik “bardachogi”dagi mashinaning egasiga tegishli 300 AQSh dollarini o‘g‘rilab, hodisa sodir bo‘lgan joydan yashirinishgan.

“O‘G‘IRLAB OLINGAN PULLAR HAQIDA TANISHIMGA AYTMADIM”

Sud majlisida 19 yoshli sudlanuvchi aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi.

— Haqiqatan ham tanishim bilan Uchtepa tumanidagi tungi klubga borib, bir oz o‘yin kulgi qilib, dam oldik. Ushbu kafedan tahminan 03:00larda chiqdik. So‘ng ko‘p qavatli uylar orasidan o‘tib ketayotganimizda “Damas” rusumli avtomashina qarovsiz holatda turganini ko‘rdik. Tanishimga “Damas” rusumli avtomashinani eshiklarini qulflangan holatda bo‘lsa ham ocha olishimni aytdim. Dastlab ikkalamiz avtomashinani oldiga yaqinlashib, salon qismini ko‘zdan kechirdik. Keyin avtomashinani ichini ochib, titkilash maqsadida yo‘lovchi tomondan borib, orqa eshigini oynasini ochdim. Qo‘limni tiqib, old eshigi qulfini ochdim. Avtomashinani old o‘rindig‘iga o‘tirib olib, avtomashinani salon qismini titkilayotgan vaqtimda, sherigim yon atrofga qarab turgandi. Avtomashinani bardachogini ostidagi surilib ochiladigan qismini tortganimda, 200 AQSh dollari va 10 000 so‘m borligini ko‘rib, pullarni oldim. Ko‘p qavatli uylarga o‘rnatilgan kamerani ko‘rib qoldim. Agarda o‘g‘irlab olingan pullarni bir qismini tanishim bilan bo‘lishadigan bo‘lsam, keyinchalik pullarni sarflab qo‘ysa, jabrlanuvchiga qaytarish vaqtida qaytara olmasligimni o‘yladim. Shu sababli avtomashinadan o‘g‘irlab olingan pullar haqida tanishimga aytmadim. Voqea joyidan ketdik. Hozirda sodir qilgan harakatlarim oqibatlarini tushunib yetdim, pushaymonman.

“CHIQISHINI KUTIB TURDIM”

Ikkinchi sudlanuvchi esa aybiga qisman iqrorlik bildirdi.

— Norasmiy ish joyim – Chilonzor tumanida joylashgan parkda ishlayotgandim. Tanishim kelib qoldi, u bilan bir oz bog‘da sayr qildik. So‘ng tungi klubga bordik, u yerda ham bir oz dam oldik. U yerdan chiqqach, piyoda birga yurib ketib, Chilonzor 12-daha hududiga borib qoldik. Bir uyning yonidan o‘tib ketayotganimizda “Damas” rusumli avtomashina turganini ko‘rdik. Sherigim avtomashinani yo‘lovchi tomondan borib, orqa eshigining oynasini o‘ziga tortib ochdi. Men esa ushbu vaqtda uning harakatlarini kuzatib turdim. Sherigim avtomashinaning saloni ichiga kirib ketganida esa avtomashinani orqa tomonida tahminan 10-15 qadam uzoqlikda turib, uning chiqishini kutib turdim. Chiqqach, qanday moddiy qiymatdagi buyum borligini va nima olganini so‘rasam, “hech narsa olmadim, hech nima yo‘q ekan”, dedi. Yana birga ko‘p qavatli uylar oralab, katta avtomashina qatnov yo‘liga chiqib olib, taksida uyga ketdik.

“300 AQSh DOLLARI YO‘QLIGINI BILDIM”

Sud majlisida jabrlanuvchi esa quyidagilarni bayon qildi.

O‘sha kuni tahminan soat 18:00 larda “Damas” rusumli avtomashinasini o‘zim istiqomat qilayotgan uyning kirish qismini yoniga qo‘yib, uyga kirib ketdim. Ertasi kuni soat 09:20 larda ishlarim bilan uydan tashqariga chiqib, avtomashinani o‘t oldirish maqsadida yoniga bordim. Haydovchi eshigini o‘zimdagi kalit bilan ochdim. Shunda salon qismi titkilangan holatda ekanini bilib, dastlab avtomashinani salon qismidagi bardachogidagi hujjatlarni tekshirdim. Tarpetkasini tagida kichik bardachogini ochib qaraganimda, yashirib qo‘ygan jami 300 AQSh dollari yo‘qligini bildim. So‘ng otamga qo‘ng‘iroq qilib, avtomashinani ochgan yoki ochmaganini so‘rasam, ochmaganini aytdi. Avtomashinada o‘g‘rilik jinoyati sodir bo‘lganini bilib, Uchtepa tuman IIO FMB navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, bo‘lgan holatni aytdim. Menga yetkazilgan zarar to‘liq qoplangan. Sudlanuvchilarga nisbatan hech qanday da’voim yo‘q.

SUD HUKM QILDI

Sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 2-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi.

19 yoshli sudlanuvchi JKning 60,61-moddalari tartibida, hukmlar majmui tariqasida, mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga avvalgi, ya’ni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2021 yildagi hukmiga asosan tayinlangan jazoning o‘talmagan muddatini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 7 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

18 yoshli sudlanuvchiga esa JKning 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasi tartibida, hukmlar majmui tariqasida, mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2022 yil fevraldagi hukmiga asosan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 1 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchiga agar ozodlikni cheklashga hukm qilingan shaxs jazoni o‘tash davrida o‘zining jinoiy qilmishlarini anglab yetgan, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, sud mahkumga nisbatan ilgari tayinlangan taqiqlarni (cheklashlarni) to‘liq yoki qisman bekor qilishi mumkinligi, ozodlikni cheklash tariqasidagi jazoni o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlagan, shuningdek sud tomonidan o‘z zimmasiga yuklangan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda esa, sud ozodlikni cheklash jazosining o‘talmay qolgan muddatini boshqa turdagi jazo bilan almashtirishi mumkinligi, bunda jazoni o‘tashdan bo‘yin tovlash vaqti o‘talgan jazo muddatiga qo‘shib hisoblanmasligi tushuntirildi.

Dilshod KAMILOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!