Toshkentda koronavirusga qarshi kurashgan bir guruh shifokorlar mukofot puli ololmayapti

Toshkentda koronavirusga qarshi kurashgan bir guruh shifokorlar mukofot puli ololmayapti

Saytimizga Toshkent shahar “Tez tibbiy yordam markazi” xodimlari tomonidan karantin markazida xizmat qilayotgan shifokor xodimlarning maoshi vaqtida berilmayotgani, rag‘batlantiruvchi mablag‘lardan ham xabar yo‘qligi eng asosiysi har 14 kun ichida koronavirusga test topshirishi kerak bo‘lgan shifokorlardan 4 oydan beri atigi bir marotaba test olishgani yuzasidan murojaat yo‘llashdi, deb yozmoqda "human.uz".

“Biz, Toshkent shahar Tez tibbiy yordam markazi 10-markazosti ko‘chma brigadasi shifokorlari Yakkasaroy tumani, Abdulla Qahhor ko‘chasida joylashgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish shtabiga qarashli maxsus guruhda ishlaymiz. Faoliyatimiz davomida koronavirus infeksiyasi gumon qilingan shaxslarni karantin zonasiga, kasallik aniqlangan bemorlarni virusologiya ilmiy markaziga, Respublika yuqumli kasalliklar va epidemiologiya ilmiy tekshirish institutiga, TTA ikkinchi klinikasiga va boshqa bemorlar davolanadigan maxsus muassasalarga olib boramiz.

Biz bunday bemorlar bilan bevosita muloqot qilamiz, ahvoli og‘irlashib qolsa, ularga birinchi yordam ko‘rsatamiz. Bundan tashqari, xalqaro charter reyslarda yurtimizga olib kelingan fuqarolarni aeroportda kutib olib, aytilgan joyga yetkazdik.

Biz o‘z sog‘ligimiz va oila a’zolarimiz hayotini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa-da, o‘z vazifamizni sidqidildan bajarib kelyapmiz.

Joriy yilning 26 mart sanasida “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaror imzolangan edi. Unga ko‘ra, koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob’ektlarda hamda tashxislash laboratoriyalarida faoliyat yuritadigan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarining har 14 kunlik faoliyat davri uchun belgilangan miqdorlarda to‘lov berilishi belgilangan edi.

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 30 apreldagi yig‘ilishi bayonnomasiga binoan qo‘shimcha moddiy rag‘batlantirish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlangan bo‘lsa-da, bizga haligacha qo‘shimcha rag‘bat pullari berilmadi. Vaholanki, faoliyatimiz tegishli Qaror va Nizomda belgilangan bandlarga to‘liq mos keladi.

Ishlayotganimizga 4 oy bo‘layapti. Ammo, rag‘batlantirish puli qolib, gohida maoshimiz ham kechiktirib berilgan holatlar bo‘ldi. Shuningdek, har 14 kunda biz — shifokorlar koronavirusga test topshirishimiz kerak edi. 4 oy davomida esa bizdan atigi bir marta test olishdi. Ehtimol epidemiyani yuqtirib, uni tik oyoqda o‘tkazib yuborgandirmiz, organizmimizda unga qarshi immunitet ham shakllanib bo‘lgandir, bu yog‘ini bilmadik. Axir biz ham insonmiz, oilamizning bag‘riga borishimiz bor, qachongacha o‘zimizdan qo‘rqib, xavfsirab, gumonda yashashimiz kerak?

Rahbariyatga maosh, mukofot pullari va test masalalari bo‘yicha bir necha bor murojaat qildik. Bizga vaziyatni “to‘g‘ri tushuntirib”, “hammasi yaxshi bo‘ladi”, deya va’da bera-bera eski bosh shifokor ishdan olindi. Hozir yangi kelgan rahbar esa bor aybni sobiq boshliqqa ag‘darayapti. Biz endi kimga arz qilishga ham hayronmiz...”

Shifokorlar xavfsizligi uchun test topshirilishi nega paysalga solinyapti? Qo‘shimcha rag‘bat pullari shifokorlarga qachon beriladi? Mazkur masalalar yuzasidan mutasaddilardan izoh kutib qolamiz.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!