Toshkentda ISHIDga qo‘shilmoqchi bo‘lgan 18 yoshli qiz qamaldi

Toshkentda ISHIDga qo‘shilmoqchi bo‘lgan 18 yoshli qiz qamaldi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Suriyaga ketib, ISHID terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishni maqsad qilgan 2004 yilda tug‘ilgan qiz qamaldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Bunga qizning ijtimoiy tarmoqlar orqali terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan «Abdullox Zufar», «Abdullox Buxoriy», «Sodiq Samarqandiy» va boshqalarning ma’ruzalarini tinglab, ularning ta’siriga tushib qolgani sabab bo‘lgan, deyiladi xabarda.

Terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari: chapdan Abdulloh Zufar, Abdulloh Buxoriy, Sodiq Samarqandiy.
U noqonuniy tashkilotlarning a’zolari bilan virtual muloqotga kirishgan va Suriyaga borib, u yerdagi ISHID terroristik tashkiloti safiga qo‘shilishni maqsad qilgan. Buning uchun ota-onasiga bildirmay xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirgan.

«2021 yil 17 yoshimda o‘zimda din bo‘yicha tug‘ilgan savollarga internetdan javob olish uchun Abdulloh Zufar, Abdulloh Buxoriy, Sodiq Samarqandiylarning ma’ruzalarini eshitganman. Shuning ta’siriga tushib adashib qoldim. 2022 yilda bir qizga tilla ziragim va kiyim-kechagimni berib, uydagilarimdan yashirib, kiyimlarimni saqlab turishini aytganman. Zirakni sotib, chemodan sotib olganman va kiyimlarimni solib qo‘yganman. Qolgan puliga qizil pasport sotib olganman. Buni yaqinlarim bilishmagan. 26 mart kuni Suriyaga chiqib ketmoqchi edim. 25 mart kuni qo‘lga olindim. Haqiqatdan ham qilgan ishimdan pushaymonman», — dedi u.

Qiz huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qo‘lga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga ko‘ra, qizning uyali telefoni xotirasidagi materiallar orasida «Tavhid va jihod katibasi», «Islom jihodi ittihodi» terroristik tashkilotlariga tegishli hamda aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’lumotlarni topdi.

Jinoyat kodeksida ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish yoxud namoyish etish taqiqlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, mazkur fuqaro Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topildi va 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!