Toshkentda «Hizb ut-Tahrir» terroristik tashkiloti a’zoligida gumon qilingan 12 kishi ushlandi

Toshkentda «Hizb ut-Tahrir» terroristik tashkiloti a’zoligida gumon qilingan 12 kishi ushlandi

17 sentyabr kuni, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan Toshkent shahrida 12 nafar «Hizb-ut Tahrir» diniy ekstremistik tashkiloti a’zolari sifatida gumon qilingan shaxslarning jinoiy faoliyatiga chek qo‘yishga qaratilgan tezkor tadbirlar o‘tkazilib, ushlandi va qamoqqa olindi. Bu haqda poytaxt IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur shaxslar Olmazor, Uchtepa, Yashnobod va Yunusobod tumanlarida istiqomat qiluvchi fuqarolar hisoblanadi.

Ma’lum qilinishicha, ushlangan shaxslarning barchasi Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi R. U. ning (1980 y.t.) g‘oyaviy ta’siri ostida ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanib kelganlar.

Qayd etilishicha, R. U. va uning jinoiy aloqalari internet ijtimoiy tarmog‘i orqali Ukraina davlatida yashirinib kelayotgan Qirg‘izistonda tug‘ilgan, «Maxmud Abdulmo‘min» taxallusli — Maxmudjon Xoldarov (1980 y.t.) bilan aloqa o‘rnatgan.

«Uning ma’ruzalari va „Hizb-ut Tahrir“ ekstremistik tashkiloti materiallarini aholi orasida tarqatish hamda uning ko‘rsatmalari asosida „tahrirchilar“ safiga yangi a’zolarni yollash bilan shug‘ullanib kelganlar. Shuningdek, ular respublikada „Xalifalik“ davlatini qurish to‘g‘risidagi g‘oyalarni doimiy ravishda targ‘ib qilishgan», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur shaxslarning yashash manzillarida va uyali aloqa vositalarida «Hizb-ut Tahrir» diniy ekstremistik tashkilotining adabiyotlari va materiallari mavjudligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Hozirda ularning noqonuniy hatti-harakatlariga huquqiy baho berish va javobgarlikka tortish maqsadida tergov-surishtiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!