Toshkentda giyohvand moddalarni targ‘ib qiluvchi banner olib tashlandi

Toshkentda giyohvand moddalarni targ‘ib qiluvchi banner olib tashlandi

Avvalroq Toshkentda giyohvand moddalar sotiladigan saytni reklama qiluvchi bannerlar aniqlangani haqida xabar berilgandi. Toshkent shahridagi bir nechta ko‘chada o‘rnatilgan reklama bannerlarida giyohvand moddalar sotiladigan saytga olib kiruvchi QR-kodlar tasvirlangani aniqlandi. Ko‘plab jurnalistlarning murojaatidan kelib chiqib Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ushbu holat nazoratga olinganini ma’lum qildi.

«Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatiga ko‘plab nashrlarning jurnalistlari poytaxt ko‘chalaridagi bannerlarda giyohvand moddalar va psixotrop vositalarning yashirin reklamasi ketayotgani to‘g‘risida murojaatlar kelib tushmoqda.

Sizga shuni ma’lum qilamizki, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati Jinoyat qidiruv bo‘limining giyohvand moddalarga qarshi kurashish bo‘limiga jurnalistlarning murojaatlari bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi. Yashnobod tumaniga o‘rnatilgan banner olib tashlangan. Ayni vaqtda bu turdagi bannerlarni o‘rnatishga buyurtma bergan shaxslar va bannerlar reklama beruvchi tomonidan xatolik tufayli yoki ataylab o‘rnatilgani aniqlanmoqda», — deyiladi xabarda.

IIBB matbuot xizmati qo‘shimcha ma’lumotlar haqida keyinroq xabar berishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Instagram’dagi sahifasida obunachilari soni ayni paytda 783 mingdan ortiq bo‘lgan o‘zbekistonlik bloger qiz mazkur bannerlarda reklama qilinayotgan konkurs haqida avvalroq o‘z sahifasida xabar qilgandi. Bloger Shahzoda Salimjonovaning aytishicha, u dastlab bu giyohvand moddalar reklamasi ekanligini bilmagan. Ayni paytda konkurs tashkilotchisining sahifasi o‘chirib qo‘yilgan.

Ta’kidlanishicha, bunday reklama bannerlari nafaqat Toshkentda, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi shaharlarda ham aniqlangan. Xususan, banner va bilbordlar Olmaota, Chimkent, Qarag‘anda, Ust-Kamenogorsk, Samarqand, Dushanbe, Bishkek va O‘sh shaharlarida ham mavjudligi qayd etilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!