Toshkentda 96 yoshli onasini pichoqlab o‘ldirgan 70 yoshli ayolga sud hukmi o‘qildi

Toshkentda 96 yoshli onasini pichoqlab o‘ldirgan 70 yoshli ayolga sud hukmi o‘qildi

Toshkentda o‘z onasini o‘ldirgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Xolida Boqiyeva (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 70 yoshdan o‘tganda jinoyatga qo‘l uraman deb o‘ylamagandi. Qo‘shnilarining aytishicha ziyoli, ikki tilni bilguvchi, yaqinlariga mehribon ayol. Uning aybi shu ediki, vaqtida turmush qurmadi. 96 yoshni qarshilagan onasi Salima Saidova yiqilib operasiya bo‘lganidan so‘ng, batamom unga bog‘lanib qoldi. Ishlarini yig‘ishtirdi, hatto ishidan bo‘shadi, faqat qari onasiga qaraydigan bo‘ldi. Singlisi Ra’no Hapkimova ham unga ko‘maklashib turardi. Yuzga yaqinlashgan ona hassasiz yurolmas, og‘riq azobidan tunu kun ingrab chiqardi. Bora-bora bu Xolidani charchatdi, asablari tamom bo‘ldi. Bu xonadondagi baqir-chaqirlarni qo‘shnilar ham bilib bo‘lishdi.

Bu orada onasining xotirasi ham kirdi – chiqdi bo‘lib qoldi. Singlisi R. Hakimova ovqat olib kelaman deb chiqib ketgan kuni oshxonada turgan pichoqni qo‘liga oldi. Ko‘ziga hech narsa ko‘rinmadi. Nima bo‘lsa ham onasini tinchitishni o‘yladi va uxlab yotgan onasining ko‘kragiga bir necha bor sanchdi. Onasini o‘ldirib qo‘yganligini anglagach, endi o‘zini o‘ldirish maqsadida qo‘lidagi pichoq bilan chap bilagi va bo‘ynini hamda ko‘krak qafaslarini kesib tashladi. Bu orada singlisi uyga kelib qoladi. Tez tibbiy yordam chaqirtiriladi.

Jabrlanuvchi shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan bir necha kunlik tibbiy yordamga qaramasdan vafot etdi.

X. Boqiyevaga Jinoyat kodeksi 97-moddasi 2 qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish sudga oshirildi.

Sud majlisida X. Boqiyevaning qo‘shnilari N. Rahmonova, X.Abilova, T. Artemova va boshqalar sudlanuvchining yaxshi ayol bo‘lganligi, turmushga chiqmasa-da ota-onasiga qaraganligi, mehribonligi, ziyoli ekanligi, keyingii paytda S. Saidovaning baqir-chaqirlarini ular ham eshitishganini, unga nisbatan yengil jazo tayinlashni so‘rashdi.

Nargiza KASIMOVA, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi:

Sudda X. Boqiyeva aybli deb topildi. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan 15 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, Jinoyat kodeksining 72-moddasi orqali tayinlangan jazo shartliga almashtirilib, 3 yil sinov muddati belgilandi.

X. Boqiyevaga yashash joyi o‘zgargan taqdirda, bu haqida uning xulqi ustidan nazorat olib boruvchi ichki ishlar idoralariga xabar berish va 1 oyda ikki marotaba kelib, bu organlarda ro‘yxatdan o‘tib turish majburiyati yuklatildi, unga sinov muddati davomida hukm shartlarini buzgan taqdirda, Jinoyat kodeksi 72-moddasining 6 va 8-bandida ko‘rsatilgan oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligi tushuntirildi. Xolida Boqiyevaganisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u darhol sud zalida qamoqdan ozod qilindi.

Ayni paytda sudlanuvchi X. Boqiyeva qonunda belgilangan jazoni shartli o‘tamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!