Toshkentda 19 yoshli yigitning ehtiyotsizligi 11 yoshli o‘smirni to‘shakka mixladi

Toshkentda 19 yoshli yigitning ehtiyotsizligi 11 yoshli o‘smirni to‘shakka mixladi

“Falokat oyoq ostida”, deb bejiz aytishmaydi. Ayniqsa, nafaqat o‘zining, balki piyodalarning ham hayoti uchun javobgar bo‘lgan haydovchilar bor yo‘g‘i bir soniya xushyorlikni qo‘ldan boy bersa tamom...

Xuddi shunday voqea 2003 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi bilan sodir bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan kuni taxminan soat 18:30 larda u o‘z boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtomashinani boshqarish huquqini beruvchi barcha tegshli xujjatlari asosida Toshkent viloyati Qibray tumani O‘nqo‘rg‘on mahallasida joylashgan Oxunboboyev ko‘chasi bo‘ylab, Obod mahallasi tomondan 50-60 km/soat tezlikda ketayotgan bo‘lgan. 51-uy qarshisida yo‘lda bo‘lgan holatga va o‘zgarishlarga e’tibor bermasdan, amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 11-bandi g-kichik bandi va 77-bandi 3-kichik bandi talablarini buzadi. Ya’ni, “transport vositasining haydovchisi harakatlanish jarayonida piyodalar, ayniqsa, bolalarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi shart” va “harakatlanish vaqtida haydovchi aniqlay olishi imkoniyatidagi xavf yuzaga kelsa, u transport vositasining tezligini u to‘la to‘xtashni ta’minlaydigan darajada kamaytirishi choralarini ko‘rishi kerak”, deb ko‘rsatib o‘tilgan talablariga amal qilmasdan harakatlanadi. Oqibatda unga nisbatan o‘ngga chapga qarab ko‘rinishi cheklanmagan holda avval erkin yurib, so‘ng yugirib o‘tayotgan voyaga yetmagan piyodani avtomashinaning oldi o‘ng qismi bilan urib yuborgan. Yo‘nalishi chapga o‘zgargan holatda harakatlanib, unga nisbatan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan haydovchi boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinaga to‘qnashib, yo‘l qatnov qismiga teskari holatda joylashib to‘xtagan. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida piyoda tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, piyodada bosh miya yopiq jarohati va lat yeyishi og‘ir darajasi, chap oyoq 3-4-5-barmoqlar asosiy falangalarini yopiq sinib siljishi, peshona chakka-ensa soha teri sidirilishi, yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi, chap quloq suprasi lat yeyishi kabi tan jarohatlarini olgan. Ushbu jarohatlar og‘irlik darajasiga ko‘ra, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir darajadagi tan jarohatlari ekanligi aniqlangan.

Biroq sudlanuvchi sud majlisida o‘ziga e’lon qilingan ayblovga qisman iqrorlik bildirdi.

— Haqiqatdan ham avtomashinani uch nafar yo‘lovilar bilan birga 50-60 km/soat tezlikda boshqarib borayotgandim. 51-uy qarshisiga yaqinlashganimda yo‘lning o‘ng chetida to‘xtab turgan bir noma’lum “Moskvich” rusumli avtomashina va uning oldida to‘xtab turgan yana bir noma’lum oq rangli “Matiz” rusumli avtomashina oldidan menga nisbatan o‘ngdan chapga qarab, piyoda to‘satdan yugirib o‘tib qoldi. Avtomashina tovush ishorasi va tormoz bosib, yo‘nalishni chapga o‘zgartirdim. Lekin avtomashina oldi o‘ng yon qismi bilan piyodani urib yubordi va yo‘nalish chapga o‘zgargan holatda qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib ketdi. O‘z yo‘lida harakatlanib kelayotgan haydovchi boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinani oldi chap qismiga, boshqaruvimdagi avtomashinani oldi chap qismi bilan urib to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Avtomashina o‘ng yonga yiqildi. Hodisa oqibatida piyoda tan jarohatlari oldi. Piyodani o‘sha yerga kelgan bir avtomashinaga o‘tqazib, shifoxonaga yubordim. Haydovchi boshqaruvidagi “Spark” rusumli avtomashinaga yetkazilgan moddiy zararni sug‘urta orqali to‘lab berganman. Menga nisbatan ma’muriy ish ko‘rilib, jarima jazosi tayinlangan. Piyodaga esa qisman moddiy yordam berganman. Yo‘l-transport hodisasidagi aybimga qisman iqrorman. Agarda piyoda to‘satdan chiqib qolmaganida bu voqea bo‘lmasdi. Harakat yo‘nalishi vaqtida mendan oldinda bir necha avtomashina borligi uchun ham piyodani to‘satdan chiqib qolganligini ko‘rmay qoldim. Shunday bo‘lsa-da, qilmishimdan pushaymonman. Biroq jabrlanuvchi ta’kidlaganidek 160 mln. moddiy zarar qoplashga imkonim yo‘q, - deya oilaviy sharoiti va moddiy ahvolini inobatga olgan holda qonun doirasida yengilroq jazo berishni so‘radi.

Sud majlisida jabrlanuvchining qonuniy vakili o‘sha kuni ishdan chiqqan vaqtida qo‘l telefoniga jiyani qo‘ng‘iroq qilib, 2011 yilda tug‘ilgan kichik o‘g‘lini mashina urib ketganini aytgan.

— Zudlik bilan o‘sha yerga yetib bordim, yo‘lning o‘ng tomonida “Damas” mashinasi ag‘darilib yotgandi. O‘g‘limni shifoxonaga olib ketishganini aytishdi. Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga borganimda o‘g‘lim shok xonasida ekanini ko‘rdim. Keyin bilsam o‘g‘limni sudlanuvchi yigit mashinasida urib yuborgan ekan. Voqeani kuzatuv kameralari orqali ko‘rib, sudlanuvchining aybi borligini bildim. Hozirda farzandimni ahvoli juda og‘ir. Yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganiga bir yil to‘ldi, Shu vaqtga qadar biror bir moddiy yoki ma’naviy yordam ko‘rsatishmadi. Bu davrda oilam ham moddiy, ham ma’naviy zarar ko‘rdi, farzandimning sog‘lig‘ini tiklash va avvalgi holatiga qaytarishni deyarli imkoni yo‘q. Imkoni bo‘lsa ham, juda katta mablag‘ kerak. Hozirda 12 yoshli farzandimni og‘irligi 40 kg., doimiy ravishda yotadi, o‘zini bilmaydi. Mustaqil ozgina bo‘lsa ham harakatlana olmaydi. Shuning uchun bir yillik moddiy va ma’naviy zarar uchun 160 mln.ga da’vo qilaman, - deydi jabrlanuvchining qonuniy vakili.

Sudning hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Shuningdek, jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Jabrlanuvchining qonuniy vakiliga shu vaqtga qadar sarflagan pul mablag‘ini va kelgusida farzandini sog‘lig‘ini tiklash bilan bog‘liq moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan da’vo ariza bilan fuqarolik sud ish yurituvi tartibida sudga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirildi.

Bahrom Berdiyev,
jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!