Toshkent, Jizzax va Andijon hududlaridagi yer maydonlarining noqonuniy sotilishlariga chek qo‘yildi

Toshkent, Jizzax va Andijon hududlaridagi yer maydonlarining noqonuniy sotilishlariga chek qo‘yildi

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti hamda shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda DXX Darakchi.uzga xabar berdi.

Jumladan, Toshkent shahrida yashovchi, 1959 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan shaxs Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida joylashgan va boshqa bir fuqaroga issiqxona tashkil etishi uchun ajratilgan 2 gektar sug‘oriladigan yer maydonini hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib, u yerda ishlab chiqarish sexi qurishi uchun ruxsat olib berish evaziga 500 ming AQSh dollari talab qiladi. Ammo, u so‘ralgan pulning 50 ming dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

Bo‘stonliq tumanida kuzatilgan holatda esa 1990 yilda tug‘ilgan shaxs boshqa bir fuqaroga tegishli fermer xo‘jaligiga bog‘dorchilik uchun 49 yil muddatga ajratilgan 35 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali auksion savdolariga chiqarmasdan xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 350 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 40 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent shahrida yashovchi, 1992 yilda tug‘ilgan shaxs ham o‘zganing ishonchiga kirib, Bo‘stonliq tumanidagi mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli 3 gektar yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 680 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Bu yo‘nalishda DXX Jizzax viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Xususan, Sharof Rashidov tumanidagi paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning 5 gektar suvli yer maydonini 200 million so‘mga sotmoqchi bo‘ladi va tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali yerning tegishli hujjatlarini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni reja qiladi.

Ammo, u so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Andijon shahrida va Oltinko‘l tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 3 nafar shaxs ham o‘zaro til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali Oltinko‘l tumanidagi kichik sanoat zonasi hududidan 4,5 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 36 ming AQSh dollari talab qilishadi.

Lekin, ulardan biri so‘ralgan pul mablag‘idan 10.700 AQSh dollarini olgan vaqtida Xizmatning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Departament xodimlari tomonidan ushlandi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning ikki nafar sherigi ham qo‘lga olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!