Top-5: Futbol tarixidagi to‘purar himoyachilar

Top-5: Futbol tarixidagi to‘purar himoyachilar

Millionlar o‘yini bo‘lmish futbolda hujumchilardan ham ko‘proq himoyachilar qadrlanadi. Va qaysidir ma’noda buni tushunish mumkin. Boisi jamoaning oldingi chizig‘i qanchalik kuchli bo‘lmasin, agar mudofaa talabga javob bermasa, qilingan barcha harakatlar samarasiz ketaveradi. Dunyo futbolida shunday himoyachilar ham borki, ular nafaqat o‘z vazifasini a’lo darajada bajaradi, balki orada raqib darvozabonlarini ham ranjitishga ulguradi. To‘g‘ri anglaganingizdek, hozir to‘purar himoyachilar haqida fikr yuritiladi. Garchi ularning soni ko‘p bo‘lsa-da, biz nisbatan taniqlilariga to‘xtalishga qaror qildik.

Fernando Yerro — 160 ta gol

Top-5: Futbol tarixidagi to‘purar himoyachilar

Foto: «Real»

Ispaniya terma jamoasi va «Real»ning afsonaviy himoyachisi Fernando Yerro faoliyati davomida 769 ta o‘yin o‘tkazib, 160 bor raqib darvozalarini ishg‘ol etgan. Professional faoliyatini «Valyadolid»da boshlagan Yerro keyinchalik Madrid klubiga o‘tadi va aynan o‘sha yerda o‘zining bor potensialini namoyon qiladi. U o‘zining kuchli va o‘ta aniq zarbalari bilan nom qozongan. Uning uchun 20-30 metr uzoqlikdagi masofalar cho‘t emasdi. Shuningdek, Yerro qo‘lga kiritgan sovrinlari bilan ham maqtanishi mumkin. U besh bor Ispaniya chempionatida, to‘rt marta mamlakat Superkubogida va uch bor Yevropa Chempionlar Ligasida g‘alaba qozongan. Shuningdek, u UYEFA va Ispaniya Superkuboklarini ham boshi uzra baland ko‘targan.

Loran Blan — 161 ta gol

Top-5: Futbol tarixidagi to‘purar himoyachilar

Foto: Twitter

Fransiya futboli tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri Loran Blan faoliyati davomida vatanidan tashqari Angliya, Ispaniya va Italiya kabi davlatlarda to‘p surishga muvaffaq bo‘lgan. Blan faoliyatida umumiy hisobda 569 ta o‘yinda maydonga tushib, 161 ta gol uradi. Klubdagi bir nechta yutuqlardan tashqari u Fransiya termasi bilan 1998 yilgi Jahon Kubogi va 2000 yilgi Yevropa chempionatida ham zafar quchgan.

Ronald Kuman — 253 ta gol

Top-5: Futbol tarixidagi to‘purar himoyachilar

Foto: Google Images

Katta futboldagi ilk qadamlarini «Groningen»da (Niderlandiya) boshlagan «Barselona»ning amaldagi bosh murabbiyi himoyachilar orasida 253 ta gol (685 ta o‘yinda) bilan dunyo rekordini o‘rnatgan. Bu natijaga ko‘plab markaziy hujumchilar ham hasad qilishi mumkin. Kuman har tomonlama namuna bo‘la oladigan darajada yaxshi harakat qilardi. Ayniqsa, uning standart vaziyatlardan urgan gollari alohida e’tirofga loyiq edi. Yevropa, Ispaniya va Niderlandiya chempionining rekordi yaqin orada yangilanmaslik ehtimoli juda yuqori.

Roberto Karlos — 107 ta gol

Top-5: Futbol tarixidagi to‘purar himoyachilar

Foto: Getty Images

Roberto Karlos haqida gap ketganda istalgan odam birinchi navbatda uning dahshatli zarbalarini yodga oladi. «Inter», «Real» va Braziliya terma jamoasidagi o‘yinlari orqali dunyoning eng yaxshi himoyachilaridan biri nomiga loyiq ko‘rilgan Karlos faoliyati davomida 881 o‘yin o‘tkazib, 107 ta gol uradi. Ushbu gollar ichida uning 1997 yilda Fransiya darvozasiga urgan mo‘’jizaviy goli eng esda qolarlisidir. O‘sha gol haqida Roberto Karlosning o‘zi shunday deydi:

«To‘p nishonga qarab ketmayotgandi, ammo shamol kuchi uni darvoza tomon yo‘naltirdi. Bu shunchaki mo‘’jiza edi. Bunday gollar faqat bir marta sodir bo‘ladi. Mashg‘ulotlarda buni yana takrorlashga harakat qilganman, ammo bunga erisholmaganman».

Serxio Ramos — 126 ta gol

Top-5: Futbol tarixidagi to‘purar himoyachilar

Foto: Twitter/@realmadrid

Serxio Ramos ushbu ro‘yxatda faoliyatini davom ettirayotgan yagona futbolchi hisoblanadi. Yuqoridagilarning barchasi allaqachon butsalarini mixga ilishga ulgurgan. «Real»ning uzoq yillik sardori himoyachi uchun kerak bo‘lgan barcha xislatlarga ega: u pozision hujumlardan tashqari qarshi hujum va standartlarda ham muvaffaqiyatli harakat qiladi. Shuningdek, Ramos penaltilarda ham kamdan kam adashadi. Serxio barcha musobaqalar doirasida 879 bellashuv o‘tkazib, naq 126 ta gol urgan.

Ramosning klub faoliyatidagi asosiy yutuqlar haqida gap ketganda, shubhasiz, Chempionlar Ligasidagi to‘rtta (2014, 2016, 2017, 2018 yillar) va Ispaniya chempionatidagi beshta (2007, 2008, 2012, 2017, 2020 yillar) g‘alabani alohida qayd etish lozim. Shuningdek, Ramosda quyidagi sovrinlar ham bor: 2 ta Ispaniya Kubogi (2011, 2014), 4 ta Ispaniya Superkubogi (2008, 2012, 2017) va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatlaridagi 4 ta bosh sovrin (2014, 2016, 2017, 2018 yillarda).

Terma jamoadagi g‘alabalar borasida esa unga hatto Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi ham havas qilishi mumkin: Ramos 2010 yilgi Jahon Kubogi, 2008 va 2012 yillardagi Yevropa chempionatida musobaqa kubogini boshi uzra baland ko‘targan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!