Tolibon O‘zbekistonga bosim o‘tkazyapti(mi)?

Tolibon O‘zbekistonga bosim o‘tkazyapti(mi)?

Taxminan uch hafta davomida O‘zbekiston hududida maxsus lagerda bo‘lgan afg‘on harbiy uchuvchilari AQShga evakuasiya qilinish o‘rniga Afg‘onistonga qaytarilishi mumkinligidan qo‘rqmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda.

Agentlik muxbirlari lagerda saqlanayotgan ba’zi uchuvchilar bilan uyali telefon orqali suhbatlashgan. Ulardan biri o‘zini qamoqxonada yashayotgandek his qilayotganini aytgan.

“Harakat qilish imkoniyatlari juda cheklangan, oziq-ovqat va dori-darmon yetishmaydi. Ayrimlar o‘tgan vaqt oralig‘ida ozib ketdi”, degan uchuvchi.

U, shuningdek lagerda o‘zi bilan birga ushlab turilgan afg‘onlarning sonini ham ma’lum qilgan — 465 kishi. Ta’kidlanishicha, ularning orasida A-29 Super Tucano yengil hujum samolyotlarini boshqargan 15 ga yaqin uchuvchi, UH-60 Black Hawk vertolyotlarini boshqargan 11 uchuvchi, MD-530 vertolyotlarini boshqargan 12 uchuvchi va ko‘plab Mi-17 vertolyotlari uchuvchilari bor.

Qayd etilishicha, lagerda o‘nlab uchuvchilardan tashqari, harbiy aviasiya xodimlari va boshqa harbiy bo‘linmalarning xizmatchilari ham bor. Ularning barchasi Afg‘onistonni toliblar hokimiyatni egallashidan oldingi oxirgi kunlarda va soatlarda tark etishga muvaffaq bo‘lgan.

Mozori Sharif va Qobul aeroportlaridan 46 ta samolyot uchishga muvaffaq bo‘lgan —Afg‘onistonning sobiq harbiy havo kuchlari 160 ga yaqin samolyotdan iborat bo‘lgan. Jurnalistlarga ko‘ra, bu samolyotlarning barchasi keyinchalik O‘zbekistonga qo‘ngan.

Avgust oyining oxirida agentlikka berilgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari lager atrofidagi baland devorlarni namoyish etgan, ularning yashash joylari ilgari COVID-19 kasallarini davolash uchun ishlatilgan. Bu ob’ekt Afg‘oniston bilan chegaradosh Termiz shahri yaqinida joylashgan.

Ma’lum qilinishicha, AQShning hozirgi va sobiq amaldorlari Amerika hukumatining Afg‘oniston xodimlari va samolyotlarini O‘zbekistondan evakuasiya qilishni tashkillashtira olmayotganini tanqid qilmoqda. Chunki toliblar ularni o‘z ixtiyoriga olish uchun o‘zbek hukumatiga bosim o‘tkazmoqda.

Hozir Termiz yaqinidagi lagerda saqlanayotgan harbiy uchuvchilar AQSh mutaxassislari rahbarligida o‘qitilgan. AQShning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Jon E. Xyorbstning fikricha, O‘zbekiston Afg‘onistonga uchuvchilar va samolyotlarni qaytarishni istayotgan “Tolibon” tomonidan haqiqiy va jiddiy bosimga duch kelgan.

“Ular (O‘zbekiston rasmiylari — tahr.) “Tolibon” bilan yaxshi munosabatda bo‘lishni xohlaydi”, degan Xyorbst.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!