“Tolibon” Turkiyaga Qobul aeroportini boshqarishni taklif qildi

“Tolibon” Turkiyaga Qobul aeroportini boshqarishni taklif qildi

“Tolibon” harakati Turkiyaga Qobul aeroportining fuqarolik boshqaruvida ishtirok etishni taklif qildi. Harakat esa xavfsizlikni o‘z zimmasiga oladi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Tolibon” Qobul aeroportini boshqarishni taklif qildi. Kimga taklif qildi? Bizga. Aytishlaricha, ular xavfsizlikni ta’minlaydi, lekin ma’muriy boshqaruvni bizga taklif qildi. Biz hali javob bermadik, qaror qabul qilmadik”, deydi Prezident.

Turkiya davlat rahbari ushbu taklif bo‘yicha qaror chiqarishga Qobul aeroportidagi beqaror vaziyat xalaqit berayotganiga e’tibor qaratgan.

“Hozir har qanday vaqtda falokat yuz berishi va qurbonlar bo‘lishi mumkin. Agar bizning boshqaruvimiz paytida ham kechagiga o‘xshagan hodisa yuz bersa, nima deb javob berishni bilmay qolamiz. Demak, hozircha “Tolibon” taklifi bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmaydi”, deya Erdo‘g‘an Anqara boshqaruvni o‘z qo‘liga olishi uchun tegishli sharoitlar zarurligini qo‘shimcha qilgan.

Bundan tashqari, Turkiya rahbari agar sabab va xohish bo‘lsa, Anqara “Tolibon” bilan aloqa qilishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Hech kim bizga kim bilan gaplashish va kim bilan gaplashmaslikni aytishga haqli emas. Ruxsat so‘ramaymiz”, deydi u.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, Turkiya harbiylari va fuqarolarini Qobuldan evakuasiya qilish ishlari davom etmoqda. Mamlakat elchixona xodimlarini shahardan aeroport hududiga evakuasiya qilib bo‘lgan.

“Biz tez orada harbiylar va tinch aholini evakuasiya qilishni tugatamiz. Puxta tayyorgarlik ko‘rdik va jarayon yaxshi ketmoqda. Odamlar samolyotda Islomobodga olib ketiladi va u yerdan kim istasa, uyiga uchadi”, deydi Erdo‘g‘an.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!