“Tolibon” sakkiz banddan iborat yangi yo‘riqnomasini e’lon qildi

A A A
“Tolibon” sakkiz banddan iborat yangi yo‘riqnomasini e’lon qildi

“Tolibon” Afg‘onistonda hukumatni qo‘lga kiritganiga 100 kun to‘lishi arafasida tartib-qoidalarini yanada qat’iylashtirdi. O‘zining sakkiz banddan iborat yangi yo‘riqnomasini e’lon qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Afg‘onistonda “Tolibon” hukumati joriy qilgan yangi qoidalarga ko‘ra, ayollarning teledasturlarda ishtirok etishi taqiqlandi. Ayol jurnalistlar va boshlovchilarga ham ekranda ro‘mol o‘rash buyurilgan, garchi qanday o‘ranish ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham.

Afg‘oniston telekanallari uchun e’lon qilingan “Tolibon”ning so‘nggi yo‘riqnomalari sakkizta yangi qoidani o‘z ichiga oladi. Jumladan, shariat (yoki islom) tamoyillari va afg‘on qadriyatlariga zid deb topilgan filmlarni, shuningdek erkaklarning intim a’zolari tasvirini ko‘rish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, dinni kamsituvchi yoki afg‘onlar uchun haqoratomuz deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan komediya va ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar ham taqiqlangan.

“Tolibon” chet el madaniy qadriyatlarini targ‘ib qiluvchi xorijiy filmlar efirga uzatilmasligini talab qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Afg‘oniston telekanallarida asosan ayol bosh qahramonlar ishtirokidagi xorijiy dramalar namoyish etiladi.

Mamlakatda jurnalistlar vakili bo‘lgan tashkilot a’zosi Xo‘jatulloh Mujaddeyning aytishicha, yangi cheklovlar e’lon qilinishi kutilmagan bo‘lgan.

Uning ma’lum qilishicha, ayrim qoidalar amalda qo‘llanmayapti, agarda ularga amal qilinsa, teleradiokompaniyalar yopilishga majbur bo‘lishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!