«Tolibon» Afg‘onistonda qancha giyohvand borligini aytdi

«Tolibon» Afg‘onistonda qancha giyohvand borligini aytdi

Afg‘onistonda 3,5 millionga yaqin giyohvandlikka ruju qo‘ygan kishilar bor — bu mamlakatdagi 39 million aholining 9 foizini tashkil qiladi. Bu haqda «Tolibon» hukumati sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdul Boriy Umarning bayonotiga tayanib, «TASS» xabar berdi.

«Mamlakatda 3,5 million kishi giyohvand. Ularning har biri kuniga, taxminan, 3 dollarlik giyohvand modda iste’mol qiladi», — dedi rasmiy vakil.

Avvalroq «Tolibon» giyohvandlarni Kobuldagi tibbiy markazlarga majburiy davolanish uchun yubora boshlagani xabar qilingandi. Ular narkomanlar to‘planadigan Kobul daryosi bo‘yidagi ko‘priklar ostida reydlar o‘tkazmoqda, qo‘lga olinganlarni giyohvand moddalar zahridan xalos qilish uchun 45 kunlik maxsus kasalxonalarga yubormoqda.

Afg‘onistonda giyohvandlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Xususan, 2018 yilda mamlakatda 3 millionga yaqin giyohvand moddalar iste’molchisi bo‘lgan bo‘lsa, ulardan bir milliondan ortig‘ini ayollar va bolalar tashkil etgan. O‘sha yili narkomanlar soni 2010 yilga nisbatan 3 baravar oshgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Afg‘onistonda ko‘knorini noqonuniy yetishtirish uchun foydalaniladigan yer maydoni avvalgi yilga nisbatan 37 foizga oshgan. 2020 yilda jahon opiumini ishlab chiqarishning 85 foizi Afg‘oniston hissasiga to‘g‘ri kelgan, narkotik ishlab chiqarish mamlakat yalpi ichki mahsulotining 6-11 foizini tashkil etgan.

1996—2001 yillarda, «Tolibon» hukmronligining birinchi davrida, giyohvand moddalarni ishlab chiqarish va kontrabanda qilish ularning asosiy daromad manbai bo‘lgan. Bularning barchasi, o‘sha paytda giyohvand moddalarni nazorat qilish bo‘yicha Oliy komissiya tuzilganiga qaramay, deyarli butunlay toliblar tomonidan nazorat qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!