Tokio Yaponiya gerbi tasvirlangan yodgorlikdan norozi
Yaponiya Xabarovskda o‘rnatilgan, sovet askari xrizantema emblemasi — Yaponiya davlatining ramzini aks ettirgan chegara ustunini sindirayotgan holda tasvirlangan yodgorlikni olib tashlashni talab qildi.
Ikkinchi jahon urushi yakuni va SSSRning Yaponiya ustidan qozongan g‘alabasiga bag‘ishlangan yodgorlik 4 sentyabr kuni Xabarovskda ochilgan.
Yaponiya bosh vaziri Takaiti xrizantema ramzining vayron qilinishini tasvirlash «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat» ekanini va yapon xalqi his-tuyg‘ulariga daxl qilishini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, xrizantema emblemasi Yaponiya ramzi sifatida keng e’tirof etilgan.
Tokio Rossiya tomonidan yodgorlikni o‘rnatishni to‘xtatish va uni demontaj qilishni talab qildi. Yaponiya hukumati uni olib tashlash bo‘yicha talablarni davom ettirishini bildirdi.
Kyodo ma’lumotlariga ko‘ra, monument balandligi taxminan 15 metr bo‘lgan sovet askari haykalidan iborat. Kompozisiya asosida Rossiya-Yaponiya urushi tugaganidan keyin Saxalinda o‘rnatilgan chegara ustuni obrazi yotgan.
Rossiya tomoni ustunda tasvirlangan xrizantemani yapon militarizmi ramzi sifatida talqin qilmoqda. Yaponiyaning Xabarovskdagi bosh konsulxonasi esa xrizantema mamlakatning milliy guli hamda imperator va imperator oilasining an’anaviy ramzi ekanini ta’kidlagan.
