Tokayev Qozog‘iston hukumatiga AES qurilishi muhokamasiga bir yil muddat berdi

Tokayev Qozog‘iston hukumatiga AES qurilishi muhokamasiga bir yil muddat berdi

Qozog‘iston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev bir yil davomida Qozog‘istonda xavfsiz atom energetikasini rivojlantirish imkoniyatlarini o‘rganish topshirig‘ini berdi.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonning barqaror rivojlanishi masalasi energetika sohasiga bog‘liqdir. Davlat rahbari 2060 yilda uglerod neytralligiga yetish masalasini qo‘ygan bo‘lib, shu bois, bu yo‘nalishda juda pragmatik ish olib borish kerak bo‘ladi, deya fikr bildirgan Tokayev.

"Ulkan mamlakatimiz aholisi, iqtisodiyoti o‘smoqda. Sifatli o‘sish uchun bizga energiya kerak. Ko‘mir davri sekin-astalik bilan nihoya topmoqda, endi esa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan tashqari, biz energiyani bazaviy generasiya qilishning ishonchli manbalari haqida ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak bo‘ladi. 2030 yilga kelib, Qozog‘istonda elektr energiyasi tanqisligi muammosi yuzaga keladi. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, bunda eng optimal yechim – bu tinch atomdir. Bu oddiy masalamas, shu bois unga hech qanday ortiqcha farazlarsiz va hissiyotlarsiz, maksimal rasional tarzda yondashish kerak. Hukumat va "Samruk-Kazina" bir yil ichida Qozog‘istonda xavfsiz va ekologik atom energetikasini rivojlantirish imkoniyatini o‘rganishlari kerak", - dedi Tokayev Qozog‘iston xalqiga murojaati vaqtida.

Tokayev, tinch atomdan foydalanish masalasini, shuningdek, muhandislik ishini rivojlantirish, mamlakatda yangi avlod malakali muhandis-atomchilarni shakllantirish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidladi.
Ta’kidlash joizki, Qozog‘iston atom elektr stansiyasini qurish masalasini birinchi yil muhokama qilayotgani yo‘q. Mamlakat energetika vazirligi ikkita viloyatda AES qurish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgan edi, ammo aholi orasidagi turfa reaksiyadan so‘ng AES qurish masalasini bir muddat kechiktirish qarori qabul qilingan edi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!