Toifalangan ob’ektlarni himoya qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar muvaffaqiyatli yakunlandi

Toifalangan ob’ektlarni himoya qilish bo‘yicha mashg‘ulotlar muvaffaqiyatli yakunlandi

Mudofaa vazirligi Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligining harbiy qismlaridan birining shaxsiy tarkibi tomonidan navbatdagi o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Bu haqad Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.

Unda shartli dushmanning toifalangan ob’ektga qo‘qqisdan hujumi bo‘lganida shaxsiy tarkibning jangovar harakatlanishi bo‘yicha ko‘rgazmali mashqlari namoyish etildi.

Shaxsiy tarkib «Trevoga» signali bo‘yicha yuqori jangovar shaylik holatiga keltirildi. Davlatimiz iqtisodiyotining o‘q tomirlaridan biri bo‘lgan ob’ektni qo‘riqlash vazifasi yuklatilgan harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini sinovdan o‘tkazuvchi navbatdagi o‘quv mashg‘uloti ana shunday boshlandi.

Shaxsiy tarkib zudlik bilan o‘ziga biriktirilgan qurol-aslaha va himoya vositalari bilan saf maydoniga yig‘ildi. Harbiy qism komandiri tomonidan yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida bo‘linmalarga vazifalar taqsimlandi. Shundan so‘ng olingan jangovar vazifa bo‘yicha komandirning o‘ta muhim ob’ekt mudofaasi haqidagi qarori qabul qilindi va zudlik bilan mudofaaga kirishildi.

Maxsus-taktik o‘quv rejasiga ko‘ra, shartli dushmanni yakson qilish bo‘yicha bo‘linmalar oldiga qo‘yilgan vazifalar 3 ta o‘quv nuqtasida tegishli vazirlik, idora va mahalliy organ vakillari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Birinchi o‘quv nuqtasida shartli dushmanning ob’ektning shimoliy tomonida joylashgan nazorat o‘tish joyida chalg‘ituvchi zarbalar berishi va uning zahira bo‘linma tomonidan zudlik bilan bartaraf etilishi bo‘yicha mashqlar ko‘rsatildi. Aniq va tezkor amalga oshirilgan qarshi hujum muvaffaqiyatli yakunlanib, shartli dushman harakati to‘xtatildi.

Keyingi o‘quv joyidagi mashg‘ulotlar shartli dushmanning temir yo‘l transportidan foydalangan holda ob’ektga qilgan hujumini qaytarish va ularni zararsizlantirish bilan davom etdi. Unda harbiy xizmatchilar aniq harakat qilib, o‘z vazifalarini sidqidildan bajarib, topshiriqni muvaffaqiyatli yakunlashdi.

Navbatdagi o‘quv nuqtasida shartli dushman o‘z rejasini amalga oshirish yo‘lida ob’ektga qarashli omborda texnogen xarakterdagi yong‘in sodir etishga urindi. Bu jarayonda ham harbiy xizmatchilar hamkor bo‘linmalar bilan birgalikda vazifani bajarishga kirishib, qisqa muddatda xavfni butunlay bartaraf etishdi.

Maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlari so‘nggida ko‘rgazmali o‘quv joylari tashkil etilib, shaxsiy tarkibning qo‘l jangi chiqishlari ham namoyish qilindi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, taktik-o‘quv mashg‘ulotlari real holatga yaqin tarzda o‘tkazildi.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!