Tixanovskaya: "Meni vatanimga qaytishim bilan qamoqqa olishadi"

Tixanovskaya: "Meni vatanimga qaytishim bilan qamoqqa olishadi"

Belarus muxolifatining mamlakat tashqarisidagi rahbari Svetlana Tixanovskaya g‘arb jurnalistlariga bergan intervyusida bu haqda o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.

Uning aytishicha, muxolifat tarafdorlari hali o‘z shahdidan qaytgani yo‘q. Ular kuch to‘plamoqda, xolos. U Minskka qaytib amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko ishtirokisiz o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rmoqchi, deya xabar beradi “RIA-Novosti”. Navbatdagi saylovda Tixanovskaya o‘z nomzodini qo‘ymoqchi edi, ammo shu bilan birga u G‘arbdan yordam olishi mumkinligini ham inkor etmadi.

“Men uyimga bexavotir qaytishni istayman. Ammo hozirgi vaziyatda buning imkoni yo‘q. Menga nisbatan ikkita jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va xalqaro qidiruv e’lon qilingan. Navalniy bilan bog‘liq holat bu masalada xalqaro hamjamiyatning, ayniqsa, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining yordami zarurligini ko‘rsatadi”, dedi Tixanovskaya Yevroittifoq elchilari bilan bo‘lgan muloqotda.

Garchi yevropalik diplomatlar Tixanovskayaga ruhan dalda berishsa-da, aniq fikr bildirishmagan. O‘z navbatida Belarus rahbari rus jurnalistlari bilan bo‘lgan muloqot chog‘ida o‘z raqiblariga bo‘sh kelmasligini bildirgan.

“Tixanovskaya – uni qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlarning ovozidan boshqa hech narsa emas. U oddiy fikrini ham ifodalab berolmaydi. Uni Litva, Polsha maxsus xizmatlari, eng muhimi AQSh kuchlari boshqarib turibdi”, degan edi Lukashenko o‘z suhbatida.

Belarus rahbari mamlakatida o‘tishi ko‘zda tutilgan Xokkey bo‘yicha jahon chempionatining bekor qilinishiga ham odatiy yondashishini aytdi. Bir hafta ilgari Minskka kelgan Xalqaro Xokkey federasiyasi rahbari Rene Fazel “sport siyosatdan tashqarida ekanini” aytgan edi. Ammo amalda buning aksi namoyon bo‘ldi.

Ushbu boykotni Svetlana Tixanovskaya ham qo‘llab-quvvatladi. U mamlakatda qirq besh kun ichida yangi prezident saylovi o‘tkazishini aytgan. Ammo buning uchun u, avvalo, mamlakatga qaytishi kerak.
“Siz tashqaridan turib, Lukashenkoga qanday qarshilik ko‘rsata olasiz?” degan savolga Tixanovskaya “men qaytadigan bo‘lsam, sud ham, tergov ham bo‘lmaydi. Meni darhol tutib xuddi erim Sergey Tixanovskiy va Mariya Kolesnikova singari turmaga tiqishadi, demak qaytsam, o‘zimni qurbon qilgan bo‘laman”, deb javob berdi. Shu bilan birga “ammo men, albatta, vaqtini topib qaytaman”, deb qo‘shib qo‘ydi.

Tixanovskaya ayni paytda o‘zining eng katta xizmati sifatida oddiy belorus xalqining ahvoli, muxolifatning fikrini g‘arb rahbarlariga yetkaza olishida deb biladi. Ayni paytda u Angela Merkel, Emmanuel Makron singari dunyo siyosatining yetakchi vakillari bilan uchrashgan.
Biroq ayrim xalqaro tahlilchilar Tixanovskayaning siyosiy yetakchilik qobiliyatini juda past baholashadi. “Minsk muloqoti” kengashi direktori Yevgeniy Preygerman Tixanovskayaning mamlakatga qaytishi mavjud vaziyatni o‘zgartirmasligini bildirdi.

“Tixanovskayani qamoqqa olishadi. Huquq-tartibot organlari ikki-uchta mahalliy moddalarni ro‘kach qilishadi va qonuniy ish ko‘rishayotganini aytib turib olishadi. Xalqaro hamjamiyat uni asrab qola oladimi-yo‘qmi, aniq emas”.

Preygermanning aytishicha, Tixanovskaya amaldagi hokimiyatga qarshi bo‘lgan kuchni tamsil etadi va shuning uchun ham rejimdan zerikkan odamlarning e’tiboriga tushgan. Aslida mamlakatda Tixanovskayadan tashqari hokimiyatni olishga intilayotgan kuchlar ham yo‘q emas va ular ham zimdan kurashni davom ettirishmoqda. ”Ularning aksariyati Polsha va Litvadan turib ish olib boradi” deydi Preygerman.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyining boshlarida Belarusda prezident saylovlari bo‘lib o‘tgan edi. Unda Lukashenko oltinchi marta g‘alaba qozondi: Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, u 80,1 foiz ovoz olgan. Tixanovskaya ikkinchi o‘rinni egallagan.

Ertasi kundan boshlab, bir necha oy davomida respublikada ommaviy noroziliklar boshlangan.
Dastlab mitinglar xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilib, namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, suv purkagichlar, shovqinli granatalar va rezina o‘qlar ishlatilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!