Tinch aholi halok bo‘ldi: Hindistonda harbiylar xatoga yo‘l qo‘ydi
Mamlakat shimoli-sharqidagi Nagaland shtatida qishloq aholisi isyonchilar bilan adashtirilgani sababli harbiy amaliyot chog‘ida kamida 13 nafar tinch aholi vakili va Hindiston xavfsizlik kuchlarining bir xodimi halok bo‘lgan. Bu haqda yakshanba kuni polisiyadagi manbalarga tayanib NDTV telekanali xabar bergan.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari isyonchilarga qarshi kurash amaliyotini rejalashtirgan. Biroq yaqin atrofdagi qishloq aholisi isyonchilar bilan adashtirilib, harbiylar bir necha tinch aholini otib tashlagan.
Buni ko‘rgan qishloq aholisi harbiylarga hujum qilgan, ular «o‘zini himoya qilish maqsadida» o‘t ochgan va yana bir necha tinch aholi o‘ldirilgan. Bir askar ham halok bo‘lgan.
Hindiston ichki ishlar vaziri Amit Shoh o‘zining tvitterdagi sahifasida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat komissiyasi hodisa yuzasidan chuqur tekshiruv o‘tkazadi.