Tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha qancha ariza kelib tushdi?

Tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha qancha ariza kelib tushdi?

SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga vazirlikning Fan va ta’lim boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismailov javob berdi:

— Joriy yil tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha juda ko‘p murojaatlar kelib tushdi, — deydi O‘. Ismailov. — Ular orasida chet elda tahsil olayotgan va o‘qishini mamlakatimizda davom ettirish istagida bo‘lganlar hamda yurtimizning bir hududida joylashgan davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa hududidagi oliy o‘quv yurtiga ko‘chirish istagidagi yigit-qizlar bor.

Albatta, mazkur arizalarni ko‘rib chiqish jarayoni shaffof tarzda kechib, belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan va tegishli mezonlarga to‘g‘ri kelgan talabalarning arizalari qanoatlantirildi.

Xususan, 2022 yil yurtimizning bir hududida joylashgan davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa hududidagi davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha jami 168 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ularning barchasi qonun doirasida hal etildi.

Shuningdek, xorijda tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olayotgan 6 ming 545 nafar talaba o‘qishini mamlakatimizda davom ettirishi uchun Davlat test markazi tomonidan test sinovlari o‘tkazildi. Yakunda ularning 89 nafari belgilangan imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qishini yurtimizdagi oliy tibbiyot muassasalariga ko‘chirishiga ruxsat etildi. Sinovlarda yetarli ball to‘play olmagan 6 ming 456 nafar talabaning arizasi esa rad etildi.

Qolaversa, tibbiyot kolleji va jamoat salomatligi texnikumlari o‘quvchilaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha 1 ming 530 ta ariza kelib tushib, ulardan 666 tasi qanoatlantirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!