Tesla kompaniyasiga ishga kirgan birinchi o‘zbek qizi

Tesla kompaniyasiga ishga kirgan birinchi o‘zbek qizi

Dunyoga mashhur Tesla kompaniyasiga ishga olingan birinchi O‘zbekistonlik qiz Mushtarif Sharifova bilan suhbatni diqqatingizga havola qilamiz.

Vatandosh: Mushtariy, avvalo sizni Tesla kompaniyasida ish boshlaganingiz bilan tabriklaymiz. O‘ylaymizki, bu muvaffaqiyatingiz vatanimizdagi boshqa o‘g‘il-qizlarga juda yaxshi o‘rnak bo‘ladi va ular ham siz kabi cho‘qqilarga erishishni o‘zlariga maqsad qilishadi.

Mushtariy: Katta rahmat. Kompaniyada O‘zbekistonlik bir yigit ham ishlaydi, qizlardan esa men birinchi bo‘ldim. O‘ylaymanki, mendan keyin O‘zbekistonlik yoshlar albatta bu yerda ko‘payadi.

Vatandosh: O‘zingiz, talabalik yillaringiz haqida gapirib bersangiz.

Mushtariy: Men 1993-yili tavallud topganman. Liseyni bitirgach, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetiga o‘qishga kirmoqchi bo‘ldim, ammo imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tolmadim. Avvaliga bundan xafa bo‘ldim, keyingi yili Singapur mededjmentni rivojlantirish universitetiga o‘qishga kirdim. U yerda bir yil o‘qidim va o‘z kuchim bilan Berlindagi Universıty of applied sciences in Europe ga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldim.

Vatandosh: O‘qish yillaringiz, albatta oson bo‘lmagandir? Har qalay xorij universitetining talablari yuqori.

Mushtariy: Germaniyadagi o‘qish tizimi O‘zbekistondagidan tubdan farq qiladi. Umuman olganda, Yevropa davlatlarida o‘qishga kirish oson, lekin imtihonlardan 3 kez yiqilgan talaba o‘qishdan chetlatiladi va ortiq o‘sha mamlakatdagi hech bir universitetda o‘qiy olmaydi.

Men talabalik yillarimni qiziqarli va mazmunga boy yillar deb xotirlayman. O‘qituvchilar darslarni oson uslubda sodda tilda tushuntirishardi. Imkon boricha sohamdagi yangiliklardan xabardor bo‘lishga, kerakli dasturlarni o‘rganishga harakat qildim.

Darslar umuman olganda oson bo‘lishiga qaramasdan, imtihonlardan o‘tish uchun ularga juda qattiq tayyorlanardim. 5 yil ichida universitetni bitirdim.

O‘qishning 3-semestridan boshlab bizda majburiy amaliyot boshlanadi. 4-kursdan esa staj dasturini amalga oshirish kerak. Oxirgi 5 va 6-semestrlarda talaba o‘z yo‘nalishini belgilab olishi kerak. Men dolzarb soha deb moliya yo‘nalishini tanladim. IT sohasini ham qo‘ldan kelgancha o‘rganishga harakat qildim va bu menga kelajakda juda asqotdi.

O‘qish yillarim 2015-2019 yillarga to‘g‘ri keldi. 2019 yilning sentyabrida o‘qishni tugatdim.

2017-yilning sentyabridan 2018-yilning martigacha Adidas kompaniyasida amaliyot o‘tadim. O‘qish davomida yana bir Zalando kompaniyasida ishlaganman. SAP kompaniyasida esa 2-amaliyotni o‘tab, bitiruv malakaviy ishimni yozib tugatganman.

American Publishing Company kompaniyasida 2020 yil fevralidan 2021 yil yanvarigacha ishladim.

Vatandosh: Tesla kompaniyasiga ishga kirishingiz qanday ro‘y berdi?

Mushtariy: Bu muddat o‘tgach, turli xil kompaniya va firmalarga ishga kirish harakatiga tushdim. Suhbatlarning deyarli barchasi juda yaxshi o‘tardi, lekin negadir oxirida rad javobi olaverdim. Lekin men bo‘sh kelmadim, Linkedindan foydalanib, tinmay rezyume va niyat maktublarini jo‘nataverdim. Eng katta orzum esa, Tesla ga ishga kirish edi. Xonadoshim olmon qiz edi. U menga bekorga urinib ovora bo‘layotganimni, nemis tilini bilmaganligim uchun ham bu ishni hech qachon qo‘lga kirita olmasligimni aytdi. O‘shanda uning gaplari menga qattiq botdi, ammo vaqt o‘tgach, unga hatto minnatdor bo‘ldim. Chunki sen eplay olmaysan degan so‘zlar aslida insonga bir turtki bo‘lishi,uni ko‘zlagan maqsadi sari olg‘a intilishga sababchi bo‘lishi mumkin ekan.

Kunlardan bir kun menga Tesla kompaniyasidan javob xati keldi. Ular men bilan suhbat o‘tkazmoqchi ekanliklarini aytishdi. Juda hayajonlandim, qanday o‘tar ekan deb o‘ylay boshladim. Aytilgan vaqtda suhbat uchun qo‘ng‘iroq bo‘ldi va juda ham samimiy tarzda o‘tdi. Bir oy davomida har haftada 1 yoki 2 marta men bilan suhbat o‘tkazishdi, turli xil savollar berishdi va oxirida menga muddatsiz ish taklif qilishdi, ya’ni men bu kompaniyada o‘zim istagancha ishlash huquqiga ega bo‘ldim. O‘sha kun men uchun juda baxtli kun bo‘ldi.

Vatandosh: Ish jarayoningiz va vazifangiz nimalardan iborat?

Mushtariy: Mening soham asosan moliya va xalqaro moliya ishlari va operasiyalar bilan bog‘liq. Misol uchun, kompaniyaning bir yillik byudjet taqsimoti, xarajatlari va daromadlarini hisoblaymiz va bu bo‘yicha takliflar beramiz. Ishimni juda yaxshi ko‘raman. Raqamlar bilan ishlab, zavq olaman. Vazifam juda mas’uliyatli bo‘lgani uchun ham katta diqqat bilan ishlashga to‘g‘ri keladi.

Vatandosh: Ishdan tashqari nimalar bilan shug‘ullanishni yaxshi ko‘rasiz?

Mushtariy: Pazandachilikka juda qiziqaman, gullar parvarish qilaman. Karantin paytida o‘z pazandalik blogimni ochtim va hozirda ko‘plab ta’qibchilarim bor.

Vatandosh: Qaysi chet tillarini bilasiz?

Mushtariy: Rus, turk, ingliz va nemis tillarini.

Vatandosh: Vatandoshlarimizga, yoshlarimizga nimalarni maslahat bergan bo‘lar edingiz?

Mushtariy: Hech qachon o‘z orzularingizdan voz kechmang, hamisha olg‘a yuring. Qo‘lingdan kelmaydi, eplolmaysan degan insonlarga quloq solmang, negativ tarzda qabul qilmang. Men albatta bajaraman, deng va o‘zingizga ishoning. O‘shanda atrofdagilar ham sizga ishonadi. Bir natijaga erishgungacha qo‘lingizdan kelgan hamma narsani qiling, barcha imkonlarni ishga soling. O‘z ustingizda tinimsiz ishlang, bilim va malakangizni orttiring. Allohdan eng yaxshisini so‘rang, u albatta so‘raganingizni beradi. Mashaqqat ortidan albatta mukofot ham keladi.

Vatandosh: Mushtariy, siz bilan tanishganimizdan xursandmiz. Kelgusi ishlaringizda omad yor bo‘lsin. Albatta, bu muvaffaqiyatlar siz uchun boshlanishidir.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!