Tashiyevga ozodlikni cheklash tayinlanganiga izoh berildi
Bishkek shahrining Birinchi may tuman sudi “75 lar xati” deb nomlangan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchilarga probasiya nazorati berilgani sabablarini tushuntirdi.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, Qamchibek Tashiyev, Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li, Qurmanqul Zulushev mansab vakolatini suiiste’mol qilish aybi bo‘yicha jinoyat tarkibi mavjud emasligi sababli oqlangan.
Shu bilan birga, sud ularni Jinoyat kodeksining 36 va 326-moddalari – hokimiyatni zo‘rlik bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rishda aybdor deb topib, ularning har biriga mol-mulkini musodara qilgan holda umumiy tartibdagi jazoni ijro etish koloniyasida o‘tash uchun to‘rt yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.
Biroq Jinoyat kodeksining 82-moddasiga asosan barcha mahkumlar jazoni o‘tashdan ozod qilinib, ularga uch yil muddatga probasiya nazorati qo‘llanildi.
Sudning izoh berishicha, bunday qaror jinoyat oxiriga yetkazilmagani va tayyorgarlik bosqichida qolgani inobatga olingan holda qabul qilingan. Shuningdek, sud jinoiy niyatning amalga oshirish darajasi hamda sudlanuvchilarning shaxsini hisobga olib, ularni jamiyatdan ajratmagan holda ham tuzatish mumkin, degan xulosaga kelgan.
Sudda ta’kidlanishicha, probasiya nazorati jinoiy javobgarlikdan ozod qilishni anglatmaydi, balki uning ijrosi probasiya organlari tomonidan nazorat qilinadigan jinoyat-huquqiy ta’sir chorasi hisoblanadi
