"Tashabbusli byudjet", tashabbuslarda faollik omillari va muvaffaqiyat indeksi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan "Tashabbusli byudjet" loyihasining 2024-yildagi ikki mavsumi yakunlari va tashabbus ko‘rsatishda ijtimoiy-iqtisodiy omillarning ahamiyati tahlil qilindi.
"Tashabbusli byudjet" loyihasining 2024- yildagi ikki mavsumida jami 63049 ta tashabbusdan 52261 tasi (82,9 foiz) saralashdan o‘tib, 20,82 mln. ovoz to‘planishi hisobiga 4774 ta loyiha g‘olib bo‘ldi.
Asosiy ijtimoiy-iqtisodiy omillar (tadbirkorlik, ishsizlik, aholi zichligi) hamda “Tashabbusli byudjet” loyihasining ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi bog‘liqlik tahliliga ko‘ra:
- aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan tadbirkorlar sonining tashabbuslar (loyihalar) soni bilan ijobiy bog‘liqligi (korrelyasiya koeffisiyenti 0,51 ga teng);
- tadbirkorlar sonining g‘olib tashabbuslar soni (0,61) va summasi (0,71) bilan ijobiy bog‘liqligi (tashabbuslarning muvaffaqiyatli bo‘lishi tadbirkorlar soniga bog‘liq);
- ishsizlik darajasining g‘olib tashabbuslar soni (-0,35) va jami tashabbuslar soni (-0,31) bilan salbiy bog‘liqligi (ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan aksariyat hududlarda tashabbuslar soni kam);
- aholi sonining barcha ovozlar soni (0,77), tashabbuslar soni (0,58) va g‘olib tashabbuslar summasi (0,87) bilan ijobiy bog‘liqligi (aholining ko‘pligi tashabbuslarga qiziqishni va ularning muvaffaqiyatini orttiradi);
- shaharlarda tashabbuslarning muvaffaqiyatiga tadbirkorlik va ishsizlik darajasining ta’siri, qishloqlarda esa aholi sonining ta’siri salmoqli ekanligi aniqlandi.
Tashabbuslarning samaradorligini baholovchi muvaffaqiyat indeksi tahliliga ko‘ra:
- sog‘liqni saqlash (26,0) va oliy ta’lim muassasalarini ta’mirlash (20,4) hamda umumta’lim muassasalarini ta’mirlash (17,2) yo‘nalishlari eng muvaffaqiyatli tashabbuslar bo‘lgan bo‘lsa, ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish (1,4), mahalla guzarini ta’mirlash (1,3) va bolalar maydonchalarini barpo etish (1,0) nisbatan kamroq muvaffaqiyatga erishgan;
- hududlar bo‘yicha muvaffaqiyat indeksining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent viloyatida (11,6), eng minimal ko‘rsatkichi esa Xorazm viloyatida (5,0) qayd qilingan;
- kichik ma’muriy birliklar bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahrida (19,1) eng yuqori, Tuproqqal’a tumanida (2,6) eng kam ko‘rsatkich qayd etilgan;
- muvaffaqiyat indeksi shaharlarda tumanlarga nisbatan kattaroq bo‘lib, TOP-20 talik hududlarga Bekobod, Nurafshon, Olmaliq, Namangan, Chirchiq, Xonobod, Shirin, Angren shaharlari kirgan.
Tadqiqot natijalari “O‘zbekiston-2030” strategiyasining 46-maqsadini amalga oshirishda tashabbuslarning samaradorligini kuchaytirish uchun muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.