“Tashabbusli byudjet”ning yangi mavsumi boshlandi
Faol vatandoshlar mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratish bo‘yicha o‘z takliflarini yana Openbudget.uz portalida qoldirishi mumkin – “Tashabbusli byudjet” doirasida joriy yil 2-mavsumi boshlandi. Mavsum byudjeti 2,2 trln so‘mga teng. Avvalgi ikkita mavsumda ketma-ket g‘olib bo‘lgan 1122 ta mahalla bu gal tashabbus kirita olmaydi, ular qo‘shni mahallalarni qo‘llab-quvvatlashi yoki sheriklik mexanizmidan foydalanishi mumkin.
Bugun, 15 iyuldan “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2026 yilgi ikkinchi mavsumi loyiha kiritish bosqichi boshlandi.
Tashabbuskor vatandoshlar 3 avgustgacha o‘z loyihalarini Openbudget.uz portalida ilgari surishlari mumkin.
Joriy mavsum uchun ajratilgan byudjet – 2 trillion 187,7 mlrd so‘m.
O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, loyihani amalga oshirishning umumiy qiymati qurilish-ta’mirlash loyihalari bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt ming baravari (1 mlrd 648 mln so‘m), jihozlash loyihalari bo‘yicha ikki ming barobaridan (824 mln so‘m) oshmasligi lozim.
Sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar ham 3 avgustgacha qabul qilinadi. Bunda keyinchalik loyiha uchun zarur mablag‘ning 50 foizi to‘plangan taqdirda, loyiha ovoz berish bosqichiga o‘tkazilmasdan avtomatik g‘olib deb topiladi va qolgan 50 foiz mablag‘ mahalliy byudjetdan moliyalashtiriladi.
An’anaviy ovoz berish bosqichi yakunlariga ko‘ra, g‘olib loyihalar 1 sentyabr – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi bayrami kuni e’lon qilinadi.
Mingdan ortiq mahallada tanaffus
Joriy mavsumda 1122 ta mahalla tanaffus oladi, ya’ni loyiha kirita olmaydi, chunki ular avvalgi ikkita mavsumda ketma-ket g‘olib bo‘lishgan.
Loyiha kiritish imkoniyati cheklangan mahallalar ro‘yxati bilan ushbu havolada tanishish mumkin.
Tanaffusga tushgan mahallalarda sherikchilik asosida loyihalarni ilgari surish imkoniyati mavjud.

