«Talabalarga faqat rag‘batlantirish pulini beramiz». Vazir o‘rinbosari stipendiya masalasiga munosabat bildirdi

«Talabalarga faqat rag‘batlantirish pulini beramiz». Vazir o‘rinbosari stipendiya masalasiga munosabat bildirdi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida 16 yanvar kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mas’ul xodimlari va OTMlar rektorlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

«Daryo» muxbiri Mirolim Isajonovning xabar berishicha, unda jurnalistlar tomonidan berilgan «2019 yilning sentyabr oyidan boshlab oliy ta’lim muassasalari talabalariga yangi tartibda stipendiya to‘lanayotgani, bu esa amaldagi qonunchilikka qanchalik mos kelishi» borasidagi savolga vazir o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov qisman javob qaytardi.

«Bizda 2004 yili tasdiqlangan va hozir ham ishlab turgan yo‘riqnoma mavjud. Mazkur 1339-sonli idoraviy hujjatni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Moliya vazirliklari tasdiqlagan. Stipendiya tayinlashni ham shu hujjat asosida yo‘lga qo‘yganmiz», — dedi Sarvarxon Buzrukxonov.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra ushbu tizimga o‘tilganining ijobiy tomonlari ham bor. Bu tomonlarini ham OAV jamoatchilikka yetkazishi kerak. Uning qayd etishicha, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri bir necha kun avval 5 va 4 bahoga o‘qigan talabalarga qo‘shimcha rag‘batlantirish berilishini aytgan. Bu bo‘yicha shu kunlarda Vazirlar Mahkamasi qarori ham chiqishi kutilyapti.

«Biz stipendiyani 400 ming so‘m va kontrakt to‘lovisiz qilib belgilaganimiz bu O‘zbekiston xalqiga juda katta imkoniyat berdi. Buni esa hech kim gapirmayapti.

Bugungi kunda 195 890 nafar yoki 72 foiz talaba (kunduzgi ta’lim) stipendiyasiz o‘qiyapti va ular kontrakt uchun pul to‘lamayapti. Bu ham bir imkoniyat. Biz buni orqaga qaytarmaymiz. Orqaga qaytilmaydi ham. 62 foiz talaba 3 bahoga o‘qirdi. Bu qariyb 200 ming talaba degani. Bu orqaga qaytmaydi.

Ertaga Vazirlar Mahkamasi qarori chiqadi va hammasi joyiga tushadi. Biz buni orqaga qaytarsak, 200 mingta talabadan ham pulini qaytarib olishimiz kerak bo‘lardi. Bunga qanday reaksiya bo‘ladi? Buni qaytarish niyatimiz yo‘q, qaytaramiz, faqat talabalarga rag‘batlantirish pulini beramiz.

Bu masalada yana alohida brifing tashkil etib, jurnalistlarga albatta, yetkazamiz», — dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!