Tadqiqot: Yevropa Ittifoqi aholisi 2029 yildan keyin qisqara boshlaydi
Olimlar prognoziga ko‘ra, YEI aholisi 2029 yilda eng yuqori ko‘rsatkichga yetib, keyingi o‘n yilliklarda izchil kamayadi.
Evropa komissiyasining Birlashgan tadqiqotlar markazi (JRC) mutaxassislari prognoziga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi aholisi yana bir necha yil o‘sishda davom etadi, ammo 2029 yildan keyin bir necha o‘n yil davomida qisqara boshlaydi.
Tadqiqotga muvofiq, hozirgi kunda 450,6 million kishini tashkil etayotgan YEI aholisi 2029 yilda 453,3 million nafarga yetib, eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etadi. Shundan so‘ng aholi soni bosqichma-bosqich kamayib, 2100 yilga borib 398,8 million nafarga tushishi kutilmoqda. Bu 1970-yillardagi ko‘rsatkichlarga yaqinlashishini anglatadi.
Shu bilan birga, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi oshib borishi prognoz qilinmoqda. Agar 2024 yilda bu ko‘rsatkich 81,5 yilni tashkil etgan bo‘lsa, 2100 yilga kelib ayollar uchun 90 yil, erkaklar uchun esa 86 yilga yetishi kutilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda Yevropa Ittifoqi aholisining taxminan 20 foizini 65 yosh va undan katta aholi tashkil etsa, 2050 yilga borib ularning ulushi qariyb uchdan bir qismga yetadi.
Olimlar fikricha, demografik o‘zgarishlarning ayrim oqibatlarini immigrasiya hisobiga yumshatish mumkin, biroq bu qarib borayotgan jamiyat muammolarini to‘liq hal qila olmaydi.
Evropa komissiyasining demografiya masalalari bo‘yicha komissari Dubravka Shuysa Yevropa Ittifoqi oldida malakali kadrlar yetishmasligi, byudjetga ortib borayotgan yuklama, shuningdek, ijtimoiy parvarish va ta’lim tizimlariga bosim kabi jiddiy chaqiriqlar turganini ta’kidladi.
