Surxondaryolik mehnatkashlarga yuksak orden va medallar topshirildi

Surxondaryolik mehnatkashlarga yuksak orden va medallar topshirildi

Surxondaryo viloyati hokimligida Prezidentimizning 2018 yil 8 dekabrdagi “ Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida ”gi farmoniga muvofiq davlatimizning yuksak orden va medallariga sazovor bo‘lganlarga mazkur mukofotlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda keyingi yillarda Vatan taraqqiyoti, mamlakatimiz obodligi va aholi farovonligini ta’minlash yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan yurtdoshlarimiz mehnatini qadrlab, ularni qo‘llab-quvvatlash, munosib rag‘batlantirishga e’tibor yanada organi ta’kidlandi.

Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B.Po‘latov Prezidentimizning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib, eshittirdi. Davlatimizning orden va medallari bilan taqdirlangan soha xodimlarini kasb bayramlari hamda yuksak mukofot bilan samimiy tabriklab, mukofotlarni o‘z egalariga tantanali topshirdi.  

Ko‘p yillik samarali mehnati bilan mamlakatimizning iqtisodiy qudrati va eksport salohiyatini yanada mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi sohasi rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan sifatli, mo‘l hosil yetishtirish, yer, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekin maydonlarining meliorativ holatini yaxshilash kabi muhim ishlarga qo‘shgan salmoqli hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lganlar safida Termiz tumanidagi “Termiz parrandachilik fabrikasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Xolmamat Normurodov ham bor.  

– Mehnat faoliyatimni boshlaganimga 45 yildan oshdi, – deydi “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi X.Normurodov.– 35 yil rahbarlik lavozimlarida ishladim. Bu mukofotni jamoamiz mehnatiga berilgan alohida e’tibor, deb bilaman. Sobiq parrandachilik fabrikasini xususiylashtirib olganimizga bu yil 24 yil bo‘ldi. O‘shanda ozuqa yetishmasligi sababli parvarishning yo‘qligidan vohadagi yirik parrandachilik kompleksi bankrotlik yoqasiga kelib qolgan edi. Uni xususiylashtirib olgach, tijorat bankining ko‘magida dastlab ozuqa bazasini mustahkamlashga e’tibor berdik. Parrandalarni ko‘paytirib, bosqichma-bosqich modernizasiya qilishni yo‘lga qo‘ydik. Fabrikani xususiylashtirib olganimizda yuzga yaqin kishi mehnat qilgan bo‘lsa, hozir 250 dan ortiq kishining doimiy bandligini ta’minlayapmiz. O‘sha yillarda bir necha o‘n ming parranda boqilgan bo‘lsa, endilikda ikki yuz mingdan ortiq tovuq parvarishlanayotir. Bu keyingi yillarda davlatimizning barcha sohalar qatori parrandachilikni rivojlantirishga qaratayotgan e’tiborining ifodasi deb bilaman. Yetishtirayotgan mahsulotimizning mahalliy ehtiyojdan ortiq qismini qo‘shni davlatlarga eksport qilyapmiz. Yilning o‘tgan davrida Afg‘oniston va Tojikistonga 2 million 800 ming dona tuxum jo‘natdik. Bularning barchasi yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasidir. 

Tadbirda mukofotlanganlar nomidan so‘zga chiqqan Oltinsoy tumanidagi “Yangi turmush” fermer xo‘jaligi boshlig‘i, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ahmat Majidov, Qumqo‘rg‘on tumani veterinariya bo‘limi uchastka boshlig‘i, “Shuhrat” medali sohibi Bahriddin Babaxonov va boshqalar kamtarona mehnatlarining yuksak mukofotga munosib ko‘rilganidan davlatimiz rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi. Bu mukofot faoliyatlarini yanada kengaytirib, mamlakatimiz taraqqiyoti va aholi to‘kinligi yo‘lida ko‘proq mehnat qilishga undaganini alohida e’tirof etdi.  

Manba: uza. uz

 

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!