Surxondaryoda shifokorning bir barmoq ishorasi bir million so‘mmi?

Surxondaryoda shifokorning bir barmoq ishorasi bir million so‘mmi?

A.Hamidov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining (RSHTYOIM) Surxondaryo viloyat filialida jarroh bo‘lib ishlardi. U manfaat ko‘rish maqsadida o‘zining xizmat vazifasiga kiradigan muayyan ishni bajarish yoki xizmat ko‘rsatish evaziga tovlamachilik yo‘li bilan haq talab qilib, oqibatda ham­kasb­lari oldida boshi egildi.

Joriy yilning iyun oyida fuqaro M.Abdug‘aniyeva RSHTYOIM filialiga o‘t pufagida qattiq og‘riq his qilayotganligidan shikoyat qilib keladi. Buni eshitgan Anvarning «kafti qichishib ketadi» va bemorni darhol palataga joylashtiradi. Bemorni tegishli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi va o‘t pufagida tosh borligini aytib, uni olib tashlashdan boshqa chora yo‘qligini tushuntiradi. Bemor jarrohlik operasiyasiga rozi bo‘lgach, A.Hamidov barmog‘i bilan bir ishorasini qiladi. Ishoraning qiymatini 100 ming so‘m, deb tushungan bemor, shifokorning «bir million so‘m bo‘ladi», degan gapidan keyin o‘ylanib qoladi. Buncha pulni tezda topishning imkoni yo‘q edi-da! Shunday bo‘lsa-da, salomatligini o‘ylab, pul topish harakatiga tushadi. Aytilgan miqdordagi pulni topishning ilojini qila olmagach, shifokorning tamagirligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi or­ganga murojaat qilishga majbur bo‘ladi.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir jarayonida A.Hamidov oldiga shifo istab kelgan bemordan talab qilingan pulni olgan vaqtda ushlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan A.Hamidovga qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.

Manba: “Huquq” gazetasi

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!