Surxondaryoda mast haydovchi YPX inspektoriga pora berish evaziga javobgarlikdan qutilishni maqsad qildi

Surxondaryoda mast haydovchi YPX inspektoriga pora berish evaziga javobgarlikdan qutilishni maqsad qildi

Termiz tumanida yashaydigan Sanjar Pirmatov (ism shariflar o‘zgartirilgan) «Kobalt» rusumli avtomashinasida Termiz shahridagi Ra’no Uzoqova nomli ko‘chada harakatlanib borayotganida yo‘l-patrul xizmati xodimlarini to‘xtatadi.

Ular avtomashina hujjatlari bilan tanishish chog‘ida haydovchining spirtli ichimlik iste’mol qilganini ilg‘ab qoladi.

Shu yerda xizmatda foydalanish uchun berilgan alkotester moslamasi orqali Sanjar Pirmatov tekshiruvdan o‘tkazilganida uning mast ekani aniqlanadi.

Surxondaryo viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati YHXB inspektori, serjant O.Abdunazarov holat bo‘yicha tegishli elektron ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani jarima maydoniga joylashtiradi. Haydovchi Surxondaryo viloyati IIB jamoat xavfsizligi xizmati YHXB 1-safarbarlik otryadi komandiri, katta leytenant B. Yuldashevning oldiga borib, ikki million so‘m mablag‘ evaziga o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomadagi huquqbuzarlikni bekor qildirish hamda avtomashinani jarima maydonchasidan chiqarib berishni so‘raydi.

Katta leytenantning maslahat va tushuntirishiga quloq tutmagan mast haydovchi B.Yuldoshevga iltimos qilishda davom etib, naqd ikki million so‘m pora berishga quyuq va’da beradi. Holat yuzasidan katta leytenant B.Yuldoshev tegishli tartibda bildirgi bilan murojaat etgach, IIV SHXBB Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Termiz shahar iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir tashkil etilib, g‘ayriqonuniy bu harakatga chek qo‘yildi.

Sanjar Pirmatov Termiz shahridagi «Manguzar» yo‘l-patrul xizmati maskani yonida katta leytenant B.Yuldashev boshqaruvidagi «Trekker» rusumli xizmat avtomashinasining old yo‘lovchi o‘rindig‘iga o‘tirib, unga ikki million so‘mni pora sifatida berayotganida ushlandi.

Tegishli tartibda rasmiylashtirilgan ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Termiz shahar bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan S.Pirmatovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!