Surxondaryoda Cobalt va Spark to‘qnashuvi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. Haydovchilardan biri 8 yilga qamaldi

Surxondaryoda Cobalt va Spark to‘qnashuvi oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi. Haydovchilardan biri 8 yilga qamaldi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida Cobalt hamda Spark avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda «Diyor24».

Ma’lum qilinishicha, Jarqo‘rg‘on tumani «G‘ur-G‘ur» mahallasi hududidan kesib o‘tuvchi M-41 avtomobil yo‘lidan Termiz–Jarqo‘rg‘on yo‘nalishida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomashina Spark avtomashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda olti nafar yo‘lovchi vafot etgan. Yana to‘rt nafar fuqaro og‘ir tan jarohati olib, kasalxonaga yotqizilgan.

Cobalt rusumli avtomashina haydovchisi S.F. (ismi o‘zgartirilgan) «Yo‘l harakati qoidalari»ning 2, 4, 77 (1-2 qismlari) bandidagi qoidalarni qo‘pol ravishda buzib, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish bo‘lagiga chiqib ketib, yo‘l-transport hodisasini sodir etganlikda ayblanib, sudga jalb qilingan.

Sudda S.F.ning jinoyat ishlari o‘rganib chiqilib, unga sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bundan avval Jizzaxda yuk mashinasi va 2 avtomobil ishtirokidagi YTH oqibatda 1 kishi vafot etgani, Andijonda to‘rtta avtomobil ishtirokida YTH sodir bo‘lgani hamda Qashqadaryoda katta tezlik sabab Nexia ag‘darilib, haydovchi vafot etgani haqida xabar berilgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!