Superliga 2025 yildan start olishi mumkin!
Superliga tashkilotchilari turnirning formati haqida bosh qotirishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvaliga ushbu ligada 12 jamoa ishtirok etishi kutilgandi. Biroq barcha jamoalar ligadan chiqib ketgan va faqatgina "Barselona" va "Real" qolgandi.
"Mundo Deportivo" ma’lumotiga ko‘ra, turnir uch divizionga bo‘linadi. Eng yuqori "Yulduzli" ligada kuchli beshlik ligalarining 16 jamoasi hamda Portugaliyaning kuchli jamoalari ishtirok etadi.
Ikkinchi - "Oltin" divizionda 16 va uchinchi "Ko‘k" divizionda 32 jamoa ishtirok etishi va shularning 20 tasi har yili almashishi kutilmoqda. Tashkilotchilar Superliganing boshqa o‘zgarishlarini ham muhokamaga qo‘ishgan. Garchi tarixi katta bo‘lmasa-da, ayrim klublar "Yulduzli" ligadan ham o‘rin olishlari mumkin.
Shuningdek, turnirning davomiyligida ham o‘zgarishlar bo‘lib qolishi ehtimoli yo‘q emas. Ayni damda "Yulduzli" divizionning guruh bosqichida jamoalar 8 tadan ikki guruhga bo‘linadi va ular ikki davrali bosqichda 14ta o‘zaro o‘yinlar o‘tkazishadi.
Shundan keyin dastlabki to‘rt o‘rinni egallagan jamoalar chorak finalga yo‘llanma olishadi. Chorak va yarim finallar ikkita o‘yinli, final esa bir o‘yinli tarzda o‘tkaziladi. Umumiy hisobda chempion 19 o‘yinda ishtirok etadi. YECHLning hozirgi formatiga ko‘ra, chempionning umumiy o‘yinlari soni 17 tani tashkil qiladi.
Hozircha ushbu o‘yinlar sonini 17 yoki 18 tagacha tushurish variantlari ham ko‘rib chiqilmoqda. O‘yinlar har haftaning o‘rtalarida bo‘ladi va milliy chempionat bahslariga ta’sir qilmaydi. Superliga kelasi yilning sentyabr yoki 2026 yilning sentyabrida start olishi kutilmoqda.