Sud majlislarida audioyozishni joriy etish — davr talabi

Sud majlislarida audioyozishni joriy etish — davr talabi

Ma’lumki, davlatimiz rahbari SH.Mirziyoyev tomonidan, Respublika Oliy Majlisi Senati raisi, Qonunchilik palatasi spikeri, Bosh vazir va huquq-tartibot idoralari rahbarlari ishtirokida 2020 yil 30 iyun kuni “Odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektorda inson huquqlarini himoya qilishga doir bir qancha masalalar atroflicha muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 26-moddasida, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi haqidagi inson huquqlarini himoya qiluvchi asosiy prinsiplardan biri bayon etilgan. Zero, jamiyatda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, uning boshqa barcha ijtimoiy munosabatlardan ustuvorligini ta’minlash huquqiy davlatning eng asosiy vazifasi hisoblanadi.

2018-2019 yillarda oqlangan 307 nafar shaxsga oid 192 ta jinoyat ishi bo‘yicha davlat ayblovchilari ayblovdan voz kechishmagani tanqidga olinib, ayblovdan voz kechish institutini shakllantirish islohotlarning asosiy mezonlaridan biri bo‘lib, bu fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ishonchini mustahkamlashda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.

“Sud binosiga kelgan har bir fuqaro O‘zbekistonda adolat borligiga ishonch hosil qilishi kerak”ligi muntazam uqtirib kelinayotganiga qaramasdan sudlarda ishlar uzoq muddat ko‘rilayotgani yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarning soni kamaymayotgani sudlarda ishlarni turli instansiyalarda qayta-qayta ko‘rish amaliyotiga chek qo‘yishni taqozo etayotgani uchun “Bir sud, bir instansiya” tizimini joriy etib, ishlarni nazorat tartibida ko‘rish amaliyotini tugatish tavsiya etildi.

Shu bilan birgalikda har chorakda sud rahbarlarining ommaviy axborot vositalari orqali odil sudlov faoliyati yuzasidan axborot berishlarini yo‘lga qo‘yish, sudyalar Oliy maktabida sudyalar va sud xodimlarini sirtqi, kechki, masofaviy o‘quvlarini tashkil etish, gender tenglikni ta’minlash maqsadida sud korpusida ayol kadrlarni yanada ko‘paytirish, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida videokonferensaloqa tizimini joriy qilish, sud majlislarida audioyozishni joriy etish davr talabi ekanligi ta’kidlandi.

Sudlar tom ma’noda adolat qo‘rg‘oniga aylanishi shart. Shu orqaligina fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, mamlakatimizda demokratik-hu­quqiy davlat, ochiq fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun va adolat ustuvorligini ta’­minlash mumkin.

 

SH.Bakayev,

jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi raisi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!