Sud ajrimi nega bekor qilindi?

Sud ajrimi nega bekor qilindi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shofirkon tuman sudining 2018 yil 30 noyabrdagi ajrimiga ko‘ra, R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK 266-moddasining 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi JKning 661-moddasiga asosan taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilgan.

Sudning ajrimiga ko‘ra, R. 2018 yil 21 oktyabr kuni taxminan soat 11:00 larda o‘ziga tegishli “Damas” rusumli, 80 R 591 KA davlat raqam belgili avtomashinani G‘ijduvon tumani, “Sarvari” MFY tomonidan Shofirkon tuman “Temirchi” mahalla fuqarolar yig‘ini tomonga boshqarib kelib, Shofirkon tumani, “Temirchi” MFY, “Temirchi” qishlog‘i hududiga yetgan vaqtda, amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning “haydovchi harakatlanish jarayonida piyodalar, ayniqsa, bolalar, nogironlar, qariyalarga va velosipedchilarga nisbatan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishi kerak” degan 11-bandi “g” kichik bandi, “haydovchi harakatning serqatnovligini, transport vositasi va yukning xususiyati hamda holatini, yo‘l va ob-havo sharoitini, shuningdek, harakatlanish yo‘nalishidagi ko‘rinishni hisobga olgan holda transport vositasini belgilangan cheklangan tezlikdan oshirmasdan boshqarishi kerakligiga, transport vositasining tezligi haydovchiga qoidalar talablarini bajarish uchun uning harakatini doimo nazorat qilib borish imkoniyatini berishi kerakligiga, harakatlanishda haydovchi aniqlay olishi imkoniyatida bo‘lgan xavf yoki to‘siq paydo bo‘lsa, u transport vositasining tezligini to‘la to‘xtashni ta’minlaydigan darajada kamaytirish yoki to‘siqni boshqa harakat qatnashchilari uchun xavfsiz usulda aylanib o‘tish choralarini ko‘rishi kerak” degan 77-bandi talablarini qo‘pol ravishda buzib, yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lni o‘ng tomondan, yo‘lning obochina qismida velosipedda kelayotgan fuqaro H.ni urib yuborib, yo‘l transport xodisasi sodir qilgan. Natijada H. o‘rtacha og‘ir shikast olgan.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 585-moddasida, yarashuv to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda, sud, yarashuvning ixtiyoriyligi va uning sabablarini, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi o‘z aybiga ixtiyoriy iqror bo‘lganligini, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi o‘zi sodir etgan qilmishning oqibatlarini anglaganligini va yetkazilgan zararni bartaraf etish choralarini ko‘rgan-ko‘rmaganligini, jabrlanuvchiga (fuqaroviy da’vogarga) yoki gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchiga biron bir tazyiq bo‘lgan-bo‘lmaganligini, yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bilan bog‘liq masalalarni, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, ularning qonuniy vakillari yarashuvga roziliklarini aniqlashi qayd etilgan.

Biroq, birinchi bosqich sudi R.ga oid yarashuv to‘g‘risidagi ishni ko‘rishda, qayd etilgan qonun talablarini bajarmasdan, gumon qilinuvchi R. yetkazilgan zararni bartaraf etish choralarini ko‘rgan-ko‘rmaganligini, jabrlanuvchi H.ning yarashuvga rozilik berganligi sabablarini to‘liq tekshirmagan.

Ish hujjatlariga qaraganda, birinchi bosqich sudi tomonidan jabrlanuvchi H.dan R. bilan o‘zaro ixtiyoriy yarashganligi, R. undan kechirim so‘raganligi, zararlarni qoplaganligi, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi, unga JPKning 583-moddasi mazmuni va oqibatlari to‘liq tushuntirilganligi mazmunida arizasi olingan bo‘lsada, sud moddiy va ma’naviy zararlarning aynan qanday qoplanganligini yoki jabrlanuvchi undiruvdan voz kechgan, kechmaganligini arizada aks ettirmagan.

Birinchi bosqich sudi tomonidan ish holatlari atroflicha va to‘liq aniqlanmaganligi sababli, jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi kassasiya instansiyasining 2019 yil 14 fevraldagi ajrim bilan sud ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangidan sudda ko‘rish uchun yuborildi.

 

KSH-4-04/22-19-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudi raisining

o‘rinbosari A.Shaydoyev

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!