SSV: Yurtimiz aholisi 13 turdagi kasalliklarga qarshi rejali emlanmoqda

SSV: Yurtimiz aholisi 13 turdagi kasalliklarga qarshi rejali emlanmoqda

Xastalikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olgan afzal. Tibbiyotda kasalliklar profilaktikasiga alohida e’tibor qaratilishining sababi shu. Qolaversa, o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar millionlab insonlar hayotini saqlab qolishi mumkin.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, bunday yondashuv iqtisodiy jihatdan ham juda samarali. Masalan, yuqumli kasalliklarga qarshi ommaviy emlash tadbirlari nafaqat turli epidemiyalar tarqalishining, balki sog‘liqni saqlash muassasalariga yuklamalar keskin ortib ketishining ham oldini oladi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim rahbari Dilorom Tursunova bilan yurtimizda olib borilayotgan immunizasiya va vaksinasiya tadbirlarining ahamiyati hamda samaradorligi haqida suhbatlashdik.

— Aholini boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi emlash ushbu xastaliklarni kamaytirish, infeksiya o‘choqlarini jilovlash va bartaraf etishda asosiy vosita hisoblanadi, — deydi D. Tursunova.

— Shu sababli mamlakatimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Unga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklar — difteriya, ko‘kyo‘tal, qoqshol, sil, virusli gepatit V, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensa tip B (XIB) infeksiyasi, bachadon bo‘yni saratoniga qarshi rejali vaksinasiya tadbirlari o‘tkaziladi.

Profilaktik emlashlar uchun 3 ming 138 ta emlash punkti ajratilgan. Chaqaloqlarni silga va gepatit V ga qarshi emlash esa tug‘uruq komplekslarida amalga oshirib kelinmoqda.

Muhimi, so‘nggi yillarda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etyapti. Mamlakatimizda 2003 yildan buyon emlashdan so‘ng nojo‘ya holatlar ro‘yxatga olingani yo‘q.

Muhimi, immunizasiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi natijasida 1996 yildan buyon respublikamizda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va O‘zbekiston 2002 yilda “Poliomiyelitdan xoli hudud”, 2017 yilda esa “Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminasiyasiga erishgan hudud” nomli xalqaro sertifikatlarni olishga muvaffaq bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!