SSV: Vazir Shodmonovning bir bemor 52 kishiga koronavirus yuqtirgani haqidagi gapi — og‘zaki anglashilmovchilik

SSV: Vazir Shodmonovning bir bemor 52 kishiga koronavirus yuqtirgani haqidagi gapi — og‘zaki anglashilmovchilik

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi vazirlik rahbari Alisher Shodmonovning «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida o‘zbekistonlik bir bemor 52 kishiga koronavirus yuqtirgani haqidagi gapi yuzasidan izoh berdi.

Vazir Shodmonov 6 aprel kuni «O‘zbekiston 24» telekanalida jonli efir orqali qilgan chiqishida boshlovchining savollariga javob berarkan, Toshkent viloyatida yashovchi koronavirusga chalingan shaxs o‘zida kasallik belgilari bo‘lishiga qaramay (yo‘tal, tana haroratining ko‘tarilishi va hansirash), jamoat joylariga borib, 52 kishiga kasallikni yuqtirganini aytib o‘tgan edi.

Keyinroq Toshkent viloyati hokimligi sog‘liqni saqlash vazirining bir bemor kasallikni yana 52 kishiga yuqtirgani haqidagi so‘zlarini rad etib, 6 aprel soat 19:00 holatiga qadar viloyat hududida koronavirusga chalingan 18 nafar bemor aniqlangani haqida bayonot berdi (va keyinchalik bu bayonotini o‘chirib tashladi).

Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, vazir Shodmonov tomonidan Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi bir bemor kasallikni yana 52 kishiga yuqtirgani haqida aytilgan gap — og‘zaki anglashilmovchilik. Vazirlikning qayd etishicha, Shodmonov aslida «kasallikka chalingan shaxs mas’uliyatsizligi sabab 52 nafar shaxs bilan yaqin muloqotga kirishganligi»ni aytmoqchi bo‘lgan.

Vazirlik Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining alohida qayd etishicha, «Sog‘liqni saqlash vazirligi bugungi kunda xalqimiz salomatligi va epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida vazir Alisher Shodmonov boshchiligida tunu kun xizmat qilmoqda».

Sog‘liqni saqlash vazirligidan qo‘shimcha qilishlaricha, Toshkent viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar soni 6 aprel soat 12:00 holatiga 29 nafarni tashkil etgan edi.

Ma’lumot uchun, 6 aprel soat 23:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar soni 457 nafarga yetdi (ularning ikki nafari vafot etgan, 30 nafari sog‘aygan). Bemorlar soni 6 aprel kuni 115 nafarga ko‘paydi — bu O‘zbekiston uchun bir kunda aniqlangan bemorlar soni bo‘yicha mutlaq rekord bo‘ldi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!