SSV: Qishloq xo‘jaligi xodimlari va ularning oila a’zolari bepul sog‘lomlashtiriladi

SSV: Qishloq xo‘jaligi xodimlari va ularning oila a’zolari bepul sog‘lomlashtiriladi

Hademay qizg‘in ekin-tikin mavsumi boshlanadi. Hozir esa iqtisodiyotimiz tayanchi bo‘lgan mirishkoru sohibkorlar biroz tin oladigan davr. Shuni hisobga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi tashabbus bilan chiqdi. Unga ko‘ra, joriy yil 1 fevraldan 1 martgacha yurtimizda “Qishloq xo‘jaligi xodimlari salomatligi oyligi” aksiyasi o‘tkaziladi.

Bu davrda mamlakatimizdagi agrar soha xodimlari — fermerlar, dehqon, bog‘bonlar, klaster xodimlari va ularning oila a’zolari, avvalo, profilaktik va chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar hamda skriningdan o‘tkaziladi.

Tekshiruv natijalariga muvofiq, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davlat ko‘magida ularning salomatligini tiklash va mustahkamlash choralari ko‘riladi.

Buning uchun dastlab agrar soha xodimlari orasidan tibbiy xizmatga ehtiyoji bor kontingent hamda ularning oila a’zolari ro‘yxati shakllantirilib, ular yoshi, jinsi va salomatlik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga ajratiladi.

Shundan so‘ng ular maxsus tibbiy brigadalar tomonidan profilaktik va chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkaziladi.

Tibbiy ko‘riklar yakunida:

hayotida ilk bor surunkali kasallik aniqlanganlar dispanser nazoratiga olinib, individual sog‘lomlashtiriladi;

o‘tkir va surunkali xastaliklar qayd etilgan bemorlardan bir guruhi birlamchi bo‘g‘indagi kunduzgi shifoxonalarda ambulator sharoitda, stasionar yordamga muhtoj qatlam esa tuman, shahar hamda viloyat miqyosidagi tibbiyot muassasalarida davolanadi;

yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga ehtiyoji bor bemorlarga viloyat va respublika muassasalariga imtiyozli yo‘llanmalar taqdim etiladi.

O‘z navbatida, olis va chekka hamda chegara hududlarda sayyor tibbiy brigadalar tomonidan ko‘riklar o‘tkaziladi.

Agrar soha xodimlari va ularning oila a’zolari orasida homiladorlar, yangi farzandli bo‘lgan ayollar, chaqaloqlar, yotib qolgan, keksa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bor shaxslar bo‘lsa, ushbu qatlam oila shifokori va oila hamshiralari tomonidan patronaj qilinib, zarur hollarda tor soha mutaxassislari ishtirokida xonadonlarning o‘zida ko‘riklar amalga oshiriladi.

Shuningdek, tibbiy tekshiruv natijalari bo‘yicha mehnatga qobiliyatini turg‘un yo‘qotgan, organizm funksiyasi buzilishi va hayot faoliyati chegaralanishi aniqlangan qatlamga nogironlikni belgilash uchun tegishli organga yo‘llanmalar beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!