SSV: Keksa va nogironlarga ajratilayotgan protez-ortopediya moslamalari hamda texnik vositalar soni ikki baravar ko‘paydi

SSV: Keksa va nogironlarga ajratilayotgan protez-ortopediya moslamalari hamda texnik vositalar soni ikki baravar ko‘paydi

O‘ttiz yildirki, 3 dekabr sanasi jahonda Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanadi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nogironligi bo‘lgan insonlarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishi, to‘laqonli hayot kechirishi uchun ko‘maklashishga dunyo jamoatchiligi e’tiborini qaratishdan iborat.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda Yer shari aholisining 1,1 milliard nafarini keksa avlod vakillari, 1 milliard nafarini esa nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etadi. Yurtimizda nafaqadagi yurtdoshlarimiz soni 3,5 million, nogironligi bo‘lgan shaxslar esa qariyb 1 million nafarga teng.

Xo‘sh, ular uchun bugun jamiyatimizda qanday imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan? Bu savolga Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi direktori Alisher Inakovdan quyidagicha javob oldik.

— Mamlakatimizda o‘zgalar parvarishiga muhtoj hamda yolg‘iz yashaydigan keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga xonadonida, shuningdek, “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylarida stasionar sharoitlarda qator tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Jumladan:

reabilitasiya markazlarida tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya va abilitasiya choralari ko‘rilmoqda;

ehtiyojmand keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar protez-ortopediya moslamalari hamda reabilitasiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlanyapti;

sihatgohlarda bepul yo‘llanmalar asosida sog‘lomlashtirilmoqda;

tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolar ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga tibbiy, ijtimoiy, kasbiy reabilitasiya choralari belgilanmoqda.

Keyingi yillarda mazkur yo‘nalishda 25 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani ham bu sohaga davlatimiz nechog‘li katta e’tibor qaratayotganini tasdiqlaydi. Buning natijasida esa mavjud imkoniyatlar yanada kengayib bormoqda.

Masalan, yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oyda bepul yetkaziladigan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena vositalari turi 9 tadan 19 tagacha ko‘paytirildi.

2022 yilning iyun oyidan oziq-ovqat va gigiyena vositalari uchun har oylik pensiyalarga qo‘shimcha ravishda to‘lovlar joriy etildi.

Muhtojlarga yetkazilgan protez-ortopediya moslamalari va reabilitasiya qilishning texnik vositalari soni 24,5 mingtadan 42 mingtagacha oshdi.

Muhtojlarga bepul beriladigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitasiya qilishning texnik vositalari ro‘yxati 22 ta turdan 30 tagacha ko‘paytirildi.

Uyda ijtimoiy xizmat bilan qamrab olinganlar soni 15,7 ming nafardan 19,2 ming nafargacha, sanatoriylarda sog‘lomlashtirilganlar soni 35,8 mingdan 43,0 ming nafargacha oshdi.

“Saxovat” uylari, urush va mehnat faxriylari, pensioner va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sanatoriylar 17 ta avtobus bilan ta’minlandi.

“Muruvvat” va “Saxovat” uylaridagi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning oziq-ovqat va dori ta’minoti uzluksiz oshirib borilmoqda, yurtimizning diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlariga tashriflar uyushtirilmoqda, ularning hayot sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan ijtimoiy xizmatlar ko‘lami ortdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!