SSV: Bachadon bo‘yni saratoni skrining dasturini amalga oshirish bo‘yicha matbuot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

SSV: Bachadon bo‘yni saratoni skrining dasturini amalga oshirish bo‘yicha matbuot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi va BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan hamkorlikda O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratoni skrining dasturini amalga oshirishga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari, sohaga aloqador tibbiyot muassasalari vakillari, xalqaro ekspertlar, jumladan, UNFPA vakili Yu Yu va Koreya xalqaro salomatlik fondi (KOFIH) vakili Kim Xiyeyun, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Anjumanda mazkur kasallikni erta aniqlash va oldini olish borasida yurtimizda qilinayotgan ishlar samaradorligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Chirchiq shahrida amalga oshirilgan pilot-loyiha natijalari tahlil qilindi.

— Mamlakatimizda onkologik kasalliklar tarqalishining oldini olish va erta diagnostika qilish bo‘yicha “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident qarorida bachadon bo‘yni saratoniga qarshi kurash bo‘yicha muhim ko‘rsatmalar belgilab berilgan, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Basitxanova. — Bu hujjat bizga 30–55 yoshdagi ayollarni bachadon bo‘yni hamda 45–65 yoshdagi ayollarni ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha skriningdan o‘tkazish bo‘yicha huquqiy asos bo‘lib xizmat qilyapti.

Barcha tuman va shaharlarda “onko-nazorat” xonalari tashkil etilishi, ular faoliyatining sifati Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi maxsus axborot tizimi orqali markazlashgan holda nazorat qilinishi bu boradagi muhim voqealardan bo‘ldi.

"Ayollar maslahatxonasi" tarkibidagi ushbu "onko-nazorat" xonalarida ayollar orasida onkologik kasalliklar srkiningi o‘tkazib kelinmoqda.

Anjumanga yig‘ilganlar O‘zbekistonda bachadon bo‘yni saratonini erta aniqlash borasida yuzaga kelayotgan muammolar, ularni hal etish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, buning uchun yaratilgan huquqiy mexanizm afzalliklari haqida fikr almashdi.

Shuningdek, konferensiya doirasida umumiy amaliyot shifokori, onkolog, akusher-ginekolog kabi mutaxassislar uchun seminar-treninglar o‘tkazilib, ularga tegishli ko‘rsatmalar berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!